Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Germaniyada o'tkazilgan Xalqaro notariuslar kongressida ishtirok etdi

Oktabr 11, 2025. 13:51 • 3 daq

105
O'zbekiston delegatsiyasi Germaniyada o'tkazilgan Xalqaro notariuslar kongressida ishtirok etdi

BERLIN, 12-oktabr. /"Dunyo" AA/. Germaniya poytaxtida Xalqaro notariuslar ittifoqining 31-kongressi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Xalqaro kongressda O'zbekiston Notarial palatasi raisi mamlakatimizda notarial sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan ijobiy natijalar, xususan fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar, tizimda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayoni, notarial harakatlar soni va turini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mediatsiya sohasidagi islohotlar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.

Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti mamlakatimizning notarial sohada erishayotgan yutuqlarini e'tirof etib, mamlakatimizning tashkilotga a'zo bo'lganiga qisqa vaqt bo'lgan bo'lsada, tashkilot tuzilmalarida nufuzli o'rinni egallagani mamlakat notariat tizimi xalqaro maydonda ham yuksak nufuzga ega bo'lib borayotganini ta'kidladi.

Richard Bok, Xalqaro notariuslar ittifoqining xalqaro hamkorlik bo'yicha komissiyasi prezidenti, Germaniya Federal notarial palatasi xalqaro aloqalar bo'yicha bosh vakili:

- Notariat sohasida O'zbekiston nafaqat Germaniya, balki Xalqaro notariuslar ittifoqi bilan ham yaqin hamkorlikda ishlamoqda. O'zbekistonda notariat tizimini rivojlantirish va isloh qilish borasida Germaniya faol ishtirok etib kelayotgan birinchi hamkor davlatlardan sanaladi. Mamlakatingiz bilan hamkorligimiz dastlab 2012-yilda boshlangan, Germaniyaning Xalqaro huquqiy hamkorlik jamiyati bilan birgalikda O'zbekiston notariuslar malakasini oshirish, ularga zamonaviy bilimlarni yetkazish bo'yicha kurslar tashkil etganmiz. Ilk tadbirlarimizdan biri notariat tizimini takomillashtirish mavzusida davlat xizmatidagi 100ga yaqin notarius ishtirokida Buxoro shahrida bo'lib o'tgan.

O'zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda o'tgan davr mobaynida davlat notariat tizimini bosqichma-bosqich erkin (frilans) notariat tizimiga aylantirishga muvaffaq bo'ldik. Bugun O'zbekiston Xalqaro notariuslar ittifoqining nafaqat to'laqonli a'zosi, balki faol ishtirokchisi sanaladi. Bundan uch yil avval Meksikada o'tkazilgan kongressda O'zbekistonni Xalqaro notariuslar ittifoqiga qabul qilgan edik.

Biz kelgusida ham O'zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga harakat qilamiz.

Dilshod Ashurov, O'zbekiston notarial palatasi raisi:

 – Joriy yil 9 sentyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan sohaga oid qarorda kelgusida fuqarolarimizga yengillik yaratish maqsadida bir qator notarial harakatlar onlayn ko'rinishga o'tishi, bir qator sudlardan yuklamalarni olib, notarial harakatlar sonini, turini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Mazkur kongress minbaridan turib, mamlakatimizda notarial sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalar xususidagi ma'ruzamizni anjuman ishtirokchilari va xalqaro hamjamiyat vakillari tomonidan yuqori baholandi. Hozirgi kunda sohada raqamlashtirishga berilayotgan e'tibor, yagona platformaning yaratilganligi va kelgusida fuqarolarning fays-aydi, barmoq izlari orqali shaxsini aniqlash kabi zamonaviy usullar, hatto Yevropa davlatlari vakillarida ham katta qiziqish uyg'otdi. Bundan tashqari, mediatsiya bo'yicha O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to'xtalib o'tdik.

Yutuqlarga qaramasdan, hali oldinda bajaradigan ishlarimiz ko'p, kongress davomida notariat sohasida xalqaro tajribadagi ko'plab yangiliklar bilan tanishdik, notarial turlarni oshirish bo'yicha tavsiyalar oldik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish