Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Varshavada Polshaning siyosiy va ekspert doira vakillari bilan samarali uchrashuvlar o'tkazdi

Aprel 08, 2024. 13:25 • 2 daq

116
O'zbekiston delegatsiyasi Varshavada Polshaning siyosiy va ekspert doira vakillari bilan samarali uchrashuvlar o'tkazdi

VARSHAVA, 8-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari guruhi, shuningdek, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi vakillarining Polshaga amaliy tashrifi doirasida mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi ko'magida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, Polsha Seymining (quyi palata) Yevropa Ittifoqi ishlari bo'yicha qo'mitasi raisi Mixal Kobosko, Polsha mudofaa vaziri o'rinbosari, Seym deputati Pavel Beyda, "Levitsa" partiyasidan deputatlari, "Vistuli" universiteti rektori Vavjines Konarski va boshqa ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvlarda saylov jarayonining o'ziga xos xususiyatlari, ikki davlat parlamentariylari faoliyati, parlamentlararo hamkorlikning mavjud salohiyati, oliy o'quv yurtlari o'rtasida akademik hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Suhbatdoshlar iqtisodiyot, ta'lim va texnologiya sohalarida ikki tomonlama aloqalar faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o'zaro manfaatdorlik bildirildi.

Seym qo'mitasi raisi Mixal Kobosko O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, u ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo'nalishlarini rivojlantirish ham bunga bog'liq bo'lgan parlamentlararo aloqalar muhimligini ta'kidladi.

Mudofaa vaziri o'rinbosari Pavel Beyda davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning aytishicha, ikki mamlakat poytaxtlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar ochilishi bilan davlatlararo aloqalar yanada faollashadi.

"Levitsa" partiyasi deputatlari bilan kechgan muloqotda Polshaning saylovoldi tashviqotini o'tkazish tajribasi, saylovlarni o'tkazish xususiyatlari, partiyalararo hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

"Vistuli" universitetiga tashrif davomida O'zbekiston vakillari ta'lim muassasasi faoliyati, siyosat va jurnalistika yo'nalishida kadrlar tayyorlash tartibi bilan tanishdilar. Universitetlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, shuningdek, mazkur oliy ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilari bilan alohida uchrashuv o'tkazildi.

Universitet rektori Vavjines Konarski O'zbekiston delegatsiyasiga ta'lim muassasasiga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi. "Ushbu tashrif tarixiy bo'lib, mamlakatlarimiz o'rtasidagi akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz", dedi u.

O'zbekiston tomoni, shuningdek, Polshaning yetakchi tahliliy muassasalardan biri – Xalqaro aloqalar markazida ham bo'lishdi.

Markazda bo'lib o'tgan uchrashuvda mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Polshalik ekspertlariga "O'zbekiston-2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, siyosatdagi o'zgarishlar, qonunchilikdagi islohotlar, bunda asosiy e'tibor inson huquq va ommaviy axborot vositalari erkinligini ta'minlashga qaratilgani alohida ta'kidlandi.

Markaz direktori Malgojata Bonikovska O'zbekistonda davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni, shu jumladan jamiyatni demokratlashtirish, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish