Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida davlat xaridlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Oktabr 08, 2025. 11:25 • 2 daq
• 51
ISLOMOBOD, 8-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Davlat xaridlarini tartibga solish organi rahbari Hasnat Ahmad Qureshi bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat davomida davlat xaridlari sohasidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish, elektron xaridlar tizimlarini rivojlantirish borasida tajriba almashish hamda "yashil xaridlar" standartlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Davlat xaridlari sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishda muhim va istiqbolli yo'nalish sifatida qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat xaridlari bo'yicha mas'ul idoralar o'rtasida onlayn uchrashuvlar tashkil etish, qonunchilik va normativ hujjatlar bilan almashish, ekspertlar darajasida doimiy muloqotni yo'lga qo'yish hamda "yashil xaridlar" standartlarini amaliyotga joriy etish bo'yicha takliflar ilgari surildi.
Hasnat Ahmad Qureshi davlat xaridlari sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va davlat resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qilishini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xaridlari sohasidagi hamkorlikni institutsional darajada yo'lga qo'yish, qo'shma ishchi guruh tashkil etish va ekspertlar onlayn uchrashuvini muntazam o'tkazish, elektron va "yashil" xaridlar tizimi bo'yicha o'zaro tajriba almashish borasida kelishuvlar erishdi.
Pokiston Davlat xaridlarini tartibga solish organi mamlakat Hukumatining markaziy idorasi bo'lib, davlat xaridlari sohasini tartibga solish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish bilan shug'ullanadi. Tashkilotning asosiy vazifalari tender jarayonlarining shaffofligini ta'minlash, raqobat muhitini kuchaytirish, elektron xaridlar tizimini rivojlantirish va davlat mablag'laridan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi