Logo

Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Oktabr 22, 2025. 11:34 • 2 daq

374
Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston ta'lim va kasbiy tayyorgarlik davlat vaziri Vajiha Qamar bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Pokiston davlat vazirining joriy yil 28-oktyabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasidagi ishtiroki bilan bog'liq masalalar hamda ta'lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo'shma loyihalar hisobiga aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Vajiha Qamar YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o'tkazilishi xalqaro hamjamiyatning jahon madaniy merosini asrash va ommalashtirish borasidagi O'zbekistonning faol sa'y-harakatlariga bo'lgan yuksak hurmatini ifoda etishini qayd etdi. U, shuningdek, O'zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatimizning mutasaddi vazirlik va idoralari bilan uchrashuvlar o'tkazish, ta'lim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgan loyihalarni batafsil muhokama qilishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.

Ikki mamlakat oliy ta'lim vazirliklari o'rtasida hamkorlikni institutsionallashtirish, muntazam maslahatlashuvlar va qo'shma dasturlarni muvofiqlashtirish borasida izchil choralar ko'rish vaqti kelgani ta'kidlandi.

Tomonlar oliy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik va ilmiy aloqalarni faollashtirish, talabalar va o'qituvchilar almashinuvi, ikki tomonlama diplom dasturlari, tibbiyot, muhandislik va axborot texnologiyalari sohalarida qo'shma tadqiqotlarni yo'lga qo'yish, diplomlarni o'zaro tan olish, ta'lim dasturlarini akkreditatsiyadan o'tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish, elektron ta'lim va sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi takliflarni ko'rib chiqdilar.

Shuningdek, ta'lim va ilmiy hamkorlikni tizimli rivojlantirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Jumladan, akademik va ilmiy muassasalar rahbarlari ishtirokida O'zbekiston-Pokiston universitetlari forumini tashkil etish tashabbusi qo'llab-quvvatlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish