Logo

O'zbekiston va Ispaniya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik jadallashmoqda

Iyul 15, 2025. 19:56 • 2 daq

72
O'zbekiston va Ispaniya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik jadallashmoqda

TOSHKENT, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning Barselona va Lyeyda shaharlaridagi universitetlar delegatsiyasi akademik hamkorlikni kengaytirish va mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari bilan akademik aloqalarni o'rnatish maqsadida amaliy safar bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar doirasida Ispaniya oliy ta'lim muassasalari vakillari Urganch "RANCH" texnologiya universitetida bo'lib o'tgan "Hamkor universitetlar sammiti – 2025"da ishtirok etdi. Shuningdek, ispan tomoni yurtimizdagi bir qator universitetlarda bo'lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.


Bundan tashqari, O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligida vazir o'rinbosari Otabek Mahkamov, Barselona universiteti prorektori Raul Ramos Labo, Lyeyda universiteti prorektori Antoni Granolyers Saltiveri va Urganch "RANCH" texnologiya universiteti rektori Jur'atbek Atajonov o'rtasida alohida uchrashuv bo'lib o'tdi.


Suhbat chog'ida akademik almashinuv, qo'shma tadqiqot loyihalarini yo'lga qo'yish, ikki tomonlama ta'lim dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Ispaniya oliy ta'lim muassasalari va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yishga alohida e'tibor qaratildi.


Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni strategik darajaga olib chiqish, qo'shma akademik va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, oliy ta'lim sohasida institutsional aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


Ispaniya universitetlari delegatsiyasining mamlakatimizga amalga oshirgan mazkur amaliy safari xalqaro akademik muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, Yevropa oliy ta'lim muassasalarining Markaziy Osiyoga ta'lim va fan sohasidagi hamkorlik uchun istiqbolli mintaqa sifatida qiziqishi ortib borayotganini tasdiqladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish