Logo

Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston-Malayziya IT va raqamli texnologiyalar forumi o'tkazildi

May 23, 2025. 10:31 • 2 daq

108
Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston-Malayziya IT va raqamli texnologiyalar forumi o'tkazildi

KUALA-LUMPUR, 23-may. /"Dunyo" AA/. Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston-Malayziya IT va raqamli texnologiyalar forumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forum O'zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki" MCHJ (IT Park Uzbekistan) va uning Sirdaryo viloyati filiali (IT Park Sirdaryo), Sirdaryo viloyati hokimligi, Malayziya Milliy texnologiyalar uyushmasi (PIKOM) va mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda Malayziyaning 120 dan ortiq raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Forumni O'zbekistonning elchisi Karomiddin Gadoyev kirish nutqi bilan ochib berdi. Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda biznes yuritish muhiti, jumladan IT va raqamli texnologiyalar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Sirdaryo viloyatini Malayziya raqamli texnologiyalar kompaniyalari uchun xab sifatida rivojlantirilayotgani ta'kidlandi va navbatdagi forumni aynan ushbu viloyatda o'tkazish tashabbusi ilgari surildi.

"IT Park Uzbekistan" bosh direktori o'rinbosari Jamila Xalibayeva IT Park va uning respublika hududlaridagi filiallarida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish va o'zaro hamkorlik takliflarini bildirdi.

Forum davomida shuningdek, "IT Park Uzbekistan"ning Osiyo bo'limi boshlig'i Izzat Xamidov ishtirokchilariga mamlakatimizda IT park ishtirokchilariga taqdim etiladigan imtiyoz va qulayliklar to'g'risida taqdimot o'tkazdi.

O'zbekistonda joriy yilda faoliyatini boshlagan "Canaan Comunication & Technologies" kompaniyasi bosh direktori Zaxari Vang mamlakat o'zining qulay geografik joylashuvi bilan butun Markaziy Osiyo davlatlari bozoriga chiqish uchun ko'prik bo'la olishiga ishonch bildirdi. U Malayziya kompaniyalarini O'zbekistonning yosh va o'sib borayotgan IT avlodi salohiyatidan unumliroq foydalanishga undadi.

 "IT Park Uzbekistan"ning Malayziyadagi elchisi Metyu Barsing o'z navbatida o'zining O'zbekistonga qilgan safari taassurotlarini bo'lishib, xorijliklarni respublikaning raqamli texnologiyalar sohasida tadbirkorlik bilan shug'ullanishga undaydigan qator omillarni sanab o'tdi.

Taqdimotdan so'ng B2B formatida o'tkazilgan uchrashuvlar davomida O'zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, "IT Park Uzbekistan", "IT Park Sirdaryo" vakillari hamda Malayziyaning IT va BiPiO kompaniyalari o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalarni o'rnatish hamda raqamli texnologiyalar sohasida manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo'yicha muzokaralar o'tkazildi.

Malayziya Milliy texnologiyalar uyushmasi bosh direktori Ong Kian Yu "IT Park Uzbekistan"ning xorijiy investorlar uchun yaratayotgan qulayliklarini yuqori baholadi. Shuningdek, mazkur uyushmaga a'zo bo'lgan kompaniyalar xizmatlarini O'zbekistonga keng jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish