Logo

Malayziya va O'zbekiston oliy ta’lim muassasalari o'rtasida arxitektura va ziyorat turizmi yo'nalishida almashinuv dasturi amalga oshirildi

Noyabr 03, 2023. 19:01 • 2 daq

158
Malayziya va O'zbekiston oliy ta’lim muassasalari o'rtasida arxitektura va ziyorat turizmi yo'nalishida almashinuv dasturi amalga oshirildi

KUALA-LUMPUR, 3-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Malayziya xalqaro islom universiteti professor-o'qituvchi va talabalaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga ikki haftalik amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Malayziya xalqaro islom universiteti 1983-yilda tashkil etilgan bo'lib, uning 13 ta fakultetida bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim yo'nalishlari yo'lga qo'yilgan. Ta’lim ingliz va arab tillarida olib boriladi. Ayni paytda Urganch davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Bank-moliya akademiyasi bilan hamkorlik memorandumlari doirasida aloqalar o'rnatilgan.

Tashrif maqsad Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining boy madaniy merosi va me’morchilik an’analarini o'rganish, turizm kontentini kengaytirish va Malayziyada keng targ'ib etish, oliygohlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo'ldi.

Safar davomida O'zbekiston Madaniy meros agentligi va Malayziya xalqaro islom universiteti o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadqiqot ishlari Urganch davlat universiteti negizida Xorazm viloyatining Xiva shahri madaniy meros obyektlari misolida amalga oshirildi. Xususan, zamonaviy skaner texnologiyalari yordamida Ichan qal’adagi Juma masjidining «3D» modeli yaratildi. Ilmiy ishlar natijasi bo'yicha o'quv qo'llanma nashr etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro davlat universiteti bilan muzokaralar o'tkazildi. Ularda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bo'lib o'tgan uchrashuvlar natijasida 2024-yilda qo'shma ta’lim dasturlarini yo'lga qo'yish, akademik almashinuv bo'yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, Malayziyada tashkil etiladigan o'quv dasturlari va ilmiy anjumanlarda o'zbekistonlik mutaxassislarni ishtirokini ishlab chiqish, qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg'or tajriba almashish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish