Logo

Misr OAV: Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar barqaror va ijobiy dinamikani namoyish etmoqda

Aprel 24, 2025. 10:58 • 2 daq

98
Misr OAV: Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar barqaror va ijobiy dinamikani namoyish etmoqda

QOHIRA, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" va "Al-Diplomasi" axborot agentliklari "Markaziy Osiyo va KADHK: tarixiy aloqalardan strategik sheriklikgacha" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mualliflar O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov va Ko'rfaz tadqiqot markazi raisi Abdulaziz Sager mazkur maqolada Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) o'rtasidagi munosabatlarning shakllanish tarixi, rivojlanish bosqichlari va bugungi holatini batafsil tahlil qilgan.

Ularga ko'ra, so'nggi yillarda Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar barqaror va ijobiy dinamikani namoyish etdi. Markaziy Osiyo va KADHK davlatlarining iqtisodiy salohiyati chuqurlashib borayotgan siyosiy muloqot, madaniy-tarixiy aloqalarga o'zaro manfaatdorlik va qulay geostrategik pozitsiyasi bilan to'ldirilib, ushbu hamkorlik formatining strategik ahamiyatini oshirmoqda.

"Bu jarayonda burilish nuqtasi 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida bo'lib o'tgan KADHK va Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi tarixiy sammiti bo'lib, u uzoq muddatli strategik hamkorlikka asos soldi, – deb yozgan mualliflar. – Ushbu muloqotning ikkinchi sammiti 2025-yilning may oyida Samarqandda o'tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday muhim sammitni o'tkazish joyi sifatida Samarqandning tanlanishi bejiz emas".

Buyuk ipak yo'lining asosiy yo'nalishlari chorrahasida joylashgan bu mashhur shahar asrlar davomida sivilizatsiyalar muloqoti, Sharq va G'arb o'rtasidagi diplomatik, savdo va madaniy almashinuvlarning muhim markazi bo'lib kelgan. Shu nuqtai nazardan, tadbirning Samarqandda o'tkazilishi tarixiy aloqalarga yangi sur'at bag'ishlashdan iborat.

Ta'kidlanishicha, 2020-yildan boshlab Markaziy Osiyo va Ko'rfaz mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichi davom etmoqda. Ushbu davrning muhim tendensiyasi hamkorlikning institutsional shakllarining rivojlanishi bo'ldi. Buni 2022, 2023 va 2024-yillarda bo'lib o'tgan davlat rahbarlarining birinchi sammiti va vazirlarning ikkita uchrashuvi tasdiqlaydi. Ushbu uchrashuvlar yakunida 2023–2027-yillarga mo'ljallangan Qo'shma harakatlar rejasi qabul qilingan bo'lib, u hozirda o'zaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yo'nalishlarini belgilab beruvchi birinchi konseptual hujjat hisoblanadi. Bu ko'p tomonlama munosabatlar dinamikasida sezilarli o'sishga olib keldi, buni savdo, turizm va sarmoyaviy ayirboshlashning sezilarli darajada oshgani tasdiqlaydi.

"Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi o'rtasidagi sheriklik haqiqiy strategik istiqbollarni ochib beradi. Birlashtiruvchi tamoyil nafaqat madaniy va tarixiy yaqinlik, balki iqtisodiyotlarning bir-birini to'ldirishidir. Bu ikki mintaqa birgalikda barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, raqamli transformatsiya ko'p tomonlama hamkorlikning yangi formati uchun asos bo'ladigan o'zaro manfaatli sheriklik modelini barpo etishi mumkin", – deb yozilgan Misr OAVda e'lon qilingan maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish