Logo

O'zbekiston va Pokiston tarixchi olimlari o'rtasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko'tarildi

Oktabr 02, 2025. 12:25 • 3 daq

63
O'zbekiston va Pokiston tarixchi olimlari o'rtasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko'tarildi

ISLOMOBOD, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Islomobod elchixonasi va Pokistonning "Muslim Institute" tahliliy markazi tashabbusi bilan O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu mamlakatga safari amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar doirasida tarix, madaniyat, ma'naviyat va zamonaviy ilmiy hamkorlik masalalari bo'yicha qator uchrashuvlar, xalqaro konferensiyalar va madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Tashrifning dastlabki kuni olimlarimiz Ravalpindidagi Eron Madaniy Markazi kutubxonasiga tashrif buyurib, Sharq va Islom sivilizatsiyasiga oid noyob qo'lyozmalar bilan tanishdilar. Shuningdek, tarixchilar Margala qirlari, Murrey shahri va YUNESKO Umumjahon madaniy merosi ro'yxatidagi Taksila arxeologik markazini ziyorat qildilar.

Shundan so'ng delegatsiya elchixona hamda Pokistonning "Muslim Institute" hamkorligida tashkil etilgan "O'zbekiston va Pokiston: mushtarak madaniy tarix" mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Mazkur tadbirda pokistonlik taniqli tarixchi olimlar, tadqiqotchi mutaxassislar, Islomobod shahridagi diplomatik korpus, mahalliy OAV vakillari ham qatnashdi.

Unda ikki mamlakat olimlari tarixiy aloqalar, sufiylik merosi va madaniy hamkorlik istiqbollariga mavzusida ma'ruzalar qildilar.

Kunning ikkinchi yarmida o'zbekistonlik olimlar "Muslim Institute" rahbariyati bilan uchrashib, ilmiy hamkorlik va qo'shma tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari xususida fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Boburiylar sulolasi tarixini yana-da chuqurroq o'rganish, Pokiston hududidagi qadimiy yodgorlik va obidalar haqidagi ma'lumotlar saqlanayotgan arxivlarni, qo'lyozmalarni tahlil qilish va uning asosida hamkorlikda yangi tarixiy asarlar, filmlar yaratish maqsadida ikki davlat tarixchi olimlarining Madaniy markazini ochish taklif etildi.

Tashrif dasturining ikkinchi qismida delegatsiya a'zolari Lahor shahriga safar qilib, Kallar-Kaharda joylashgan "Bobur taxti" deb nomlanuvchi manzilgohni, Badshohiy masjidi, Lahor qal'asi, Alloma Muhammad Iqbol maqbarasi va kutubxonasini ziyorat qildilar.

Pokiston Ma'naviyat institutida ham (Idara-i-Nazria Pakistan) "Pokiston-O'zbekiston: mushtarak madaniy tarix" nomli xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston va Pokiston olimlari ma'naviy meros va milliy g'oyalar borasida fikr almashdilar.

O'zbekistonlik olimlar Boburiylar sulolasi tarixi mavzusida ma'ruza qildilar va pokistonlik hamkasblarini qo'shma tadqiqotlarga chorladilar.

Mamlakatimiz olimlari, shuningdek, Boburiylar sulolasi tarixi, Zebunniso va Alloma Iqbol she'riyatiga bag'ishlangan madaniy kechada qatnashdilar.

Safar doirasida tarixchilar Panjob arxivi rahbariyati va mutaxassislari bilan ham uchrashdi. Unda Boburiylar sulolasi davriga oid noyob qo'lyozmalarni hamkorlikda o'rganish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Safarning amaliy qismi doirasida olimlarimiz Shohdara maqbaralari, Shalimar bog'lari, Vazirxon masjidi va Shohiy Hammomi va boshqa madaniy yodgorliklar bilan tanishdilar.

Tashrif davomida O'zbekiston va Pokiston olimlari muzeylar, arxivlar va kutubxonalar bilan aloqalar o'rnatish, qo'shma ilmiy tadqiqotlar va madaniy dasturlarni amalga oshirish borasida ham muzokaralar olib bordi. Bu jarayonni tizimli tashkil etish uchun maxsus "yo'l xaritasi" ishlab chiqilishiga kelishildi.

Tashrif davomidagi uchrashuvlar va tadbirlar mamlakatlarimiz olimlari hamkorligida yangi bosqichni boshlab berdi va qardosh xalqlarning mushtarak merosini yanada chuqurroq o'rganishga zamin yaratdi.

Tarixchilarimizning Pokistonga tashrifi xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va ma'naviy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilishi, ikki qardosh mamlakat ilmiy-madaniy munosabatlarini yangi pog'onaga olib chiqishi shubhasizdir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish