O'zbekiston va Pokiston teleradiokompaniyalari o'rtasida hamkorlikning yangi yo'nalishlari belgilab olindi
Iyul 14, 2025. 16:23 • 2 daq
• 103
ISLOMOBOD, 14-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida joriy yilning 8-12-iyul kunlari O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi delegatsiyasining Pokistonga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari safar doirasida Pokiston Axborot vazirining birinchi o'rinbosari – Pokiston televizion korporatsiyasi (PTV) boshqaruvchi direktori Ambrin Jan, Axborot vazirligi Tashqi targ'ibot departamenti ijrochi direktori Raisa Adil xonim, Elektron media va nashrlar departamenti bosh ijrochi direktori Samina Farzin xonim, Pokiston radioeshittirish korporatsiyasi bosh direktori Said Ahmad Shayx, shuningdek, "HUM TV", "Green" va "Discover Pakistan" kabi yirik xususiy telekanallar rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat axborot makonlarida O'zbekiston va Pokiston to'g'risida xolis va dolzarb ma'lumotlarni ko'paytirish, axborotlar, televizion kontentlar, musiqiy dasturlar almashinuvi, film va teleseriallarni dublyaj qilish va efirga uzatish, shuningdek, hamkorlikda yangi telefilm va seriallar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki xalq o'rtasidagi axborot aloqalarini mustahkamlash orqali iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, turizm va investitsion hamkorlikni rag'batlantirish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini qayd etishdi.
Shu maqsadda, tomonlar ikki mamlakat turizm salohiyatini, madaniy merosini, tarixiy qadamjolari va madaniy obyektlarini targ'ib qiluvchi videomateriallarni bir-biriga taqdim etdi.
"PTV" rahbari Ambrin Jan bilan kechgan muloqot chog'ida 2021 yilda imzolangan anglashuv memorandumi doirasidagi faoliyatni jonlantirish, rasmiy va ishonchli axborotlarni o'zaro tarqatish borasida kelishuvga erishildi.
Tashqi targ'ibot departamenti ijrochi direktori Raisa Adil hamda Elektron media va nashrlar departamenti bosh ijrochi direktori Samina Farzin bilan bo'lib o'tgan suhbat chog'ida film va seriallarni dublyaj qilish, hujjatli filmlar, madaniy dasturlarni almashish, ikki mamlakatda o'tkaziladigan kinofestivallarda ishtirok etish va milliy filmlar haftaliklarini tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi.
Radio Pakistan rahbariyati bilan muzokaralarda ikki mamlakat milliy va zamonaviy musiqalarni efirga uzatish, "oltin fond"dagi musiqiy asarlar bo'yicha ma'lumot almashish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
"HUM TV", "Green" va "Discover Pakistan" telekanallari bilan uchrashuvlarda telefilmlar va seriallarni o'zbek va urdu tillariga o'girish, san'atkorlar ishtirokida madaniy loyihalar suratga olish, turistik va madaniy obyektlarga bag'ishlangan videomahsulotlar tayyorlash bo'yicha takliflar ko'rib chiqildi, kontent kataloglari bilan o'zaro almashish yuzasidan kelishib olindi.
O'zbekiston MTRK delegatsiyasining Pokistonga tashrifi axborot va media sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi