O'zbekiston va Malayziya ta'lim muassasalari birgalikda xalqaro tan olingan o'quv dasturlarini joriy etadi
Iyul 07, 2025. 10:49 • 59 soniya
• 145
KUALA-LUMPUR, 7-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik litseyi hamda Malayziyaning "Pine Hills International Schools" maktablar tarmog'i mutasaddilari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik litseyi hamda Malayziyaning "Pine Hills International Schools" maktablar tarmog'i o'rtasida hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjat xalqaro Kembrij ta'lim dasturidan foydalanish, Kembrij tizimi standartlari va mezonlari bo'yicha tajriba almashish, matematika fani bo'yicha ingliz tilida masofaviy o'qitishni tashkil etish, talabalar va o'qituvchilar almashinuv dasturlarini yo'lga qo'yish hamda ta'lim metodologiyalari va pedagogik innovatsiyalar bo'yicha qo'shma ilmiy seminar va vebinarlar o'tkazishni nazarda tutadi.
Shuningdek, 2026-yilda "Pine Hills International Schools" maktablar tarmog'i rahbari va jamoasi boshchiligidagi oliy ta'lim muassasalariga tayyorlanayotgan yuqori sinf talabalari guruhining O'zbekistonga safarini tashkil etish taklifi qo'llab-quvvatlandi.
2001-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Malayziyadagi "Pine Hills International Schools" maktablar tarmog'i xalqaro tan olingan Kembrij ta'lim muassasasi hisoblanadi. Uning 5 ta filialida hozirda 6 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Bundan tashqari, "Pine Hills" maktablari inklyuziv ta'lim bo'yicha, ya'ni alohida ta'limga ehtiyoji bor bolalarni odatiy sinflarga va jamiyatga tayyorlash bo'yicha Janubi-Sharqiy Osiyoda yetakchi muassasa hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi