O'zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg'armasi delegatsiyasi Yaponiyada samarali muzokaralar o'tkazdi
Noyabr 24, 2023. 09:12 • 2 daq
• 156
TOKIO, 24-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg'armasi delegatsiyasi joriy yilning 16-20-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo'ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O'zbekiston vakillari tashrif davomida Osaka, Nara va Tokio shaharlarida bir qator samarali uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi.
Yaponiya madaniyat agentligi rasmiylari bilan uchrashuv chog'ida ushbu mamlakatda madaniy merosni himoya qilish, muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish tizimi hamda agentlikning xalqaro aloqalari to'g'risida batafsil ma’lumotlar bilan tanishildi. Muloqot yakunida muzeyshunoslik yo'nalishida kadrlar malakasini oshirish hamda milliy ko'rgazmalarni o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Mamlakatimiz vakillari, shuningdek, Tokio va Nara milliy muzeylari, Milliy etnologiya muzeyi, Tokio san’at muzeyi, Milliy san’at markazi va boshqa madaniy obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur tashkilotlar rahbarlari bilan bo'lib o'tgan suhbatlar natijasida muzeyshunoslik sohasida hamkorlik qilish va yaqin istiqbolda O'zbekiston madaniyati hamda san’atiga bag'ishlangan ko'rgazmalarni tashkil qilish bo'yicha ahdlashib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi