Markaziy Osiyo va KADHK o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yana-da kengaytiriladi
May 07, 2026. 10:25 • 2 daq
• 733
AR-RIYOZ, 7-may. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rfaz tadqiqotlari markazida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon elchilari hamda diplomatlari, shuningdek, KADHK Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Tomonlar Jidda shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – KADHK” tarixiy sammiti o‘tkazilganidan so‘ng mintaqalararo muloqot to‘liq yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Oliy darajada o‘rnatilgan ochiq va samimiy muloqotlar barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni faollashtirgani, hozirgi o‘sish surati esa davlat rahbarlari belgilab bergan hamkorlik yo‘lining bevosita davomi ekani taʼkidlandi.
Tadbir davomida anʼanaviy diplomatik muloqot doirasidan tashqariga chiquvchi hamkorlikni kengaytirishning amaliy yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar ikki mintaqa uchun yagona iqtisodiy tizimni shakllantirishga xizmat qiladigan qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligini alohida qayd etdi.
Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasida yangi transmintaqaviy yo‘laklarni barpo etish hamda savdo yo‘llarini rivojlantirish Yevroosiyoning iqtisodiy xaritasiga sezilarli taʼsir ko‘rsata oladigan ustuvor vazifa ekani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida diplomatlar har ikki mintaqa bir-birini to‘ldiruvchi resurslarga ega ekanini, bu esa keng ko‘lamli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun noyob imkoniyat yaratishini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi