Logo

Isroil vaqtinchalik sulhdan so‘ng birinchi marta Bayrutga zarba berdi

May 07, 2026. 11:25 • 2 daq

276
Isroil vaqtinchalik sulhdan so‘ng birinchi marta Bayrutga zarba berdi

BAYRUT, 7-may / “Dunyo” AA/. Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan keyin birinchi marta Isroil harbiy-havo kuchlari Livan poytaxti chekkasiga zarba berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroil Kasning aytishicha, hujum nishoni “Radvan” elita bo‘linmasi qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.

“Uning qo‘mondonligi ostidagi “Radvan” bo‘linmasi jangarilari Isroil aholi punktlarini o‘qqa tutish va Isroil harbiylariga hujum qilish uchun javobgar edi”, dedi ular.

Isroil matbuotiga ko‘ra, natijada bo‘linma qo‘mondoni Malek Balut, uning o‘rinbosari va boshqa jangarilar halok bo‘lgan.

Qayd etilishicha, zarba mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida “Radvan” bo‘linmasi aʼzolarining uchrashuvi chog‘ida berilgan. Hujum natijasida kuchli yong‘in kelib chiqdi, kamida bitta bino jiddiy zarar ko‘rdi.

AQSH hujum haqida oldindan xabardor qilingan va rozilik bergan. Isroil shimolida mojaroning yangi kuchayishi xavfi tufayli yuqori tayyorgarlik eʼlon qilindi”, deb xabar berdi “DW”.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Isroil va “Hizbulloh” bir-birini qoidabuzarliklarda ayblashda davom etmoqda. Isroil harbiylari Livan janubiga muntazam zarbalar berib, infratuzilma va harakat jangchilariga hujum qilayotganini taʼkidlamoqda.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftaning o‘zida Isroilning mamlakat bo‘ylab uyushtirgan hujumlari oqibatida 120 nafardan ortiq odam, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Isroil ham chegara bo‘ylab hududni ushlab turishda davom etmoqda va buni mamlakatning shimoliy hududlarini himoya qilish uchun xavfsizlik zonasini yaratish bilan izohlamoqda.

Bunga javoban “Hizbulloh” Isroil harbiylari va Isroilning shimoliy hududlariga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlarini amalga oshirmoqda. O‘tgan hafta Livan janubida dron zarbasi natijasida isroillik harbiy pudratchi halok bo‘ldi.

Umuman olganda, mart oyi boshidan beri Livanda 2700 nafardan ortiq odam halok bo‘ldi. Isroil Livan janubida 16 nafar harbiy xizmatchi va bir nafar tinch aholi, shuningdek, mamlakat shimolida ikki nafar tinch aholi halok bo‘lganini maʼlum qildi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish