Logo

O'zbekiston vakillari Ashxobodda o'tgan "Salomatlik va barqaror taraqqiyot – tinchlik yo'li" mavzusidagi Markaziy Osiyo yoshlari forumida ishtirok etishdi

Sentabr 15, 2025. 08:47 • 2 daq

61
O'zbekiston vakillari Ashxobodda o'tgan "Salomatlik va barqaror taraqqiyot – tinchlik yo'li" mavzusidagi Markaziy Osiyo yoshlari forumida ishtirok etishdi

ASHXOBOD, 15-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 10-11-sentyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida "Salomatlik va barqaror taraqqiyot – tinchlik yo'li" mavzusida Markaziy Osiyo yoshlari forumi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda giyohvandlik tarqalishining oldini olish dasturi hamda Turkmaniston hukumati hamkorligida tashkil etildi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, Yevropa Ittifoqi va xalqaro tashkilotlardan kelgan yoshlar yetakchilari, mutaxassislar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.


Forumning birinchi kuni "Yoshlar, salomatlik va barqaror taraqqiyot" shiori ostida o'tdi. Yoshlar farovonligi, ziyonli odatlarning oldini olish, ruhiy sog'lomlik, sog'lom muhit, ta'lim va kasb tanlovi, ekologik madaniyat masalalari bo'yicha ma'ruzalar va muhokamalar o'tkazildi.


Ikkinchi kuni "Tinchlik va raqamli barqarorlik" mavzusida davom etgan tadbirda raqamli platformalar va sun'iy intellektdan foydalanish, yoshlar startaplarini qo'llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalardan sog'lom foydalanish madaniyatini targ'ib qilish yuzasidan qizg'in munozaralar bo'lib o'tdi.


O'zbekiston vakillari forumda faol ishtirok etib, sog'liqni saqlash, ta'lim va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning salohiyatini oshirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish hamda ekologik barqarorlik bo'yicha milliy tajriba bilan o'rtoqlashdi. Shuningdek, yurtimiz delegatsiyasi Markaziy Osiyo yoshlari o'rtasida do'stlik va hamkorlikni mustahkamlash, ular uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.


Forum yakunida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yoshlari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yakuniy hujjat qabul qilindi. Kelgusida aniq chora-tadbirlarni belgilaydigan "Yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish