Logo

"LOT Polish Airlines" prezidenti: Varshava-Toshkent yo'nalishida yiliga 40 ming yo'lovchini tashish imkoniyati mavjud

Aprel 09, 2024. 14:57 • 57 soniya

205
"LOT Polish Airlines" prezidenti: Varshava-Toshkent yo'nalishida yiliga 40 ming yo'lovchini tashish imkoniyati mavjud

VARSHAVA, 9-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi xodimlari "LOT Polish Airlines" aviakompaniyasi prezidenti Mixal Fiyol bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Polshadan O'zbekistonga sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalari muhokama qilindi.

Polsha vakilining aytishicha, aviakompaniya tomonidan Varshava va Toshkent o'rtasida shu yilning 13-mart kuni yo'lga qo'yilgan muntazam to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlari orqali 3-aprelgacha bo'lgan muddatda 1 ming 571 nafar yo'lovchi O'zbekistonga borgan. "LOT Polish Airlines" prezidentiga ko'ra, ushbu yo'nalishda yiliga jami 40 ming yo'lovchini tashish imkoniyati mavjud.

"O'zbekistonning turizm salohiyati juda keng. O'zbekiston Polsha va umuman Yevropa uchun Markaziy Osiyodagi eng qiziqarli sayyohlik davlatlaridan biridir. Ishonchim komilki, Buyuk ipak yo'lining durdonasi deb ataladigan yurtingiz sayyohlarimizning qalbini zabt etadi. So'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotganiga guvoh bo'layapmiz. Masalan, Polsha kompaniyalarining O'zbekiston bozoridagi faolligi yil sayin ortib bormoqda. Biz ushbu reysning ochilishida, nafaqat Polshada, balki butun Yevropada ishlab, tahsil olayotgan o'zbekistonlik fuqarolar guruhining ehtiyojlari haqida ham o'yladik", dedi u.

Uchrashuv davomida Mixal Fiyolga may oyida bo'lib o'tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ishtirok etish taklifi bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish