Logo

Rostov viloyati Janubiy federal universitetida O'zbekiston-Rossiya munosabatlariga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi

Aprel 27, 2025. 11:34 • 2 daq

52
Rostov viloyati Janubiy federal universitetida O'zbekiston-Rossiya munosabatlariga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi

ROSTOV, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. Rostov viloyati Janubiy federal universitetida "O'zbekiston–Rossiya: tarixiy va zamonaviy hamkorlik sarhadlari" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Rossiya Prezidentining Janubiy federal okrugdagi vakolatli vakili o'rinbosari Vladimir Gurba, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligining Rostovdagi vakolatxonasi rahbari Viktor Xarchenko, Janubiy federal universiteti rahbariyati va talabalari, shuningdek O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari vakillari (onlayn tarzda) ishtirok etishdi.

Vladimir Gurba tadbirning ochilish qismidagi nutqida O'zbekistonda kechayotgan islohotlar va ularning natijadorligini e'tirof etdi. "O'zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi Rossiya bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashda muhim omil bo'lmoqda. Xususan, ta'lim sohasidagi aloqalar keyingi yillarda ancha kengaydi. Janubiy federal okrug hududidagi oliy ta'lim muassasalarida bugungi kunda 734 nafar o'zbekistonlik yoshlar tahsil olayapti. Bu ikki mamlakat o'rtasidagi ta'lim sohasidagi konstruktiv aloqalarining nechog'li mustahkamlanib borayotganligidan dalolat beradi", dedi u.

 Mamlakatimiz bosh konsuli Burxon Aliqulov o'z navbatida, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari to'g'risida so'z yuritdi. Ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan qo'shma loyihalarga e'tibor qaratildi.

Janubiy federal universiteti Yevroosiyo tadqiqotlar markazi rahbari Larisa Xoperskayaning ta'kidlashicha, O'zbekiston SHHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki orqali o'zining pragmatik tashabbuslarini faol ilgari suryapti.

Fanlararo ta'lim va ibero-amerika tadqiqotlari xalqaro instituti direktori Natalya Karpovskaya O'zbekiston va Rossiya hamkorligining madaniy jihatlariga to'xtaldi. Ikki mamlakat hududlarida o'zbek va rus madaniyati kunlarini tizimli tashkil etilishi kerak", dedi u.

Anjuman davomida, shuningdek, Alfraganus universiteti, Renessans ta'lim universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o'qituvchilarning mavzuga oid ma'ruzalari tinglandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish