O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari rahbarlari Polsha tajribasini o'rgandi
Iyul 15, 2024. 09:07 • 2 daq
• 161
VARSHAVA, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 10-12-iyul kunlari O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi Shuhrat Otaxonov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Polshada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi Polsha fan va oliy ta'lim vaziri o'rinbosari Anjey Sheptiskiy bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda akademik almashinuvlar, ilmiy tadqiqotlar va ikki tomonlama o'quv dasturlari yo'nalishlarida o'zaro hamkorlik sezilarli yaxshilangani ta'kidlandi. Shuningdek, universitetlararo aloqalarni yo'lga qo'yish orqali ta'lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar xususida fikr almashildi.
Safar davomida Polsha va O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari rektorlari ishtirokida davra suhbatida ham tashkil etildi.
Unda O'zbekiston-Polsha universitetlari o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, yangi qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti rektori Komiljon Karimov o'z nutqida, mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan oliy ta'lim yo'nalishini rivojlantirish bo'yicha qabul qilinayotgan yangi dasturlar haqida batafsil so'zlab berdi. U Polsha va O'zbekiston o'rtasidagi akademik hamkorlik qisqa davrda samarali natijalarga erishganini alohida qayd etdi.
Polsha fan va oliy ta'lim vaziri o'rinbosari Andjey Sheptiskiy o'z chiqishida, xalqaro hamkorlik fan va ta'lim sohasi rivojlanishining eng muhim tarkibiy qismi ekanini bildirdi. "Fan o'z tabiatiga ko'ra universaldir, chunki u chegara bilmaydigan yechimlar va qonunlarni izlaydi. Polsha universitetlarining internatsionalizatsiyasini qo'llab-quvvatlash va olimlarni tadqiqot hamkorligi hamda mobilligini rag'batlantirish uchun ko'plab tadbirlar o'tkazmoqda. Ushbu davra suhbati ham Polshada O'zbekistonni yanada targ'ib qilishga va ikki tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi", dedi u.
Safar davomida O'zbekiston delegatsiyasi Krakov shahriga tashrif buyurdi. Tashrif davomida AGH fan va texnologiyalar universiteti va boshqa universitetlarning boshqaruv tizimi, innovatsion jarayonlarni tadbiq etish hamda imkoniyatlari o'rganildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi