Logo

Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari o'z yakuniga yetdi

Dekabr 26, 2023. 17:30 • 2 daq

219
Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari o'z yakuniga yetdi

SEUL, 26-dekabr. /"Dunyo" AA/. Sirdaryo viloyati hokimi o'rinbosari Bahodir Botirov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari samarali yakunlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Pyontek, Kvansangu va Naju shaharlari merlari, "Koreya–O'zbekiston biznes assotsiatsiyasi", "Hangyong", "DHMT Global", "Evervolution" kompaniyalari, Chungnam-Markaziy Osiyo mintaqaviy innovatsion iste'dodlarni rivojlantirish markazi va Janubiy Koreya malaka oshirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda "Sonmun" va "Kvandju" universitetlari rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazildi va tegishli hujjatlar imzolandi.

Jumladan, Pyontek shahri meri Jong Jang Son bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda umumiy qiymati 75 ming AQSh dollariga teng 84 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi hamda 24 ta printer qurilmasi Sirdaryo viloyatining 12 ta maktabiga topshirilgani munosabati bilan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyevning alohida minnatdorlik xati topshirildi.

O'z navbatida, Kvansangu shahri meri Pak Byung Kyu ushbu shaharda 2800 dan ziyod O'zbekiston fuqarosi istiqomat qilishi, ularning aksariyati sanoat, ta'lim, qishloq xo'jaligi va xizmat sohalarida faoliyat olib borishini ta'kidlab o'tdi.

Tomonlar Guliston tumani va Kvansangu shahri o'rtasida o'zaro hamkorlik aloqalarini o'rnatish hamda 2024-yilda amalga oshirilishi mumkin bo'lgan tadbirlar rejasini tuzish, jumladan, Pak Byung Kyuning Sirdaryo viloyatiga tashrifini amalga oshirish kabi kelishuvlarga erishdilar.

Naju shahri meri Yun Byung Te bilan suhbat davomida shahar 2000 yillik tarixga egaligi va hozirgi kunga qadar dehqonchilikda o'z o'rniga ega ekanligi, jumladan, maxsus noklari dunyo bo'ylab eksport qilinishi ta'kidlandi.

Shu bilan birga Janubiy Koreya tomoni ma'lumotiga ko'ra, mazkur shaharda yildan yilga mavsumiy ishchilarga bo'lgan talab oshib bormoqda. Jumladan, 2023-yil 400 ga yaqin mavsumiy ishchilar jalb qilingan bo'lsa, 2025-yilga borib 700 ga yaqin ishchilarga ehtiyoj sezilishi kutilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, 2025-yilda Sirdaryo viloyatidan ham mavsumiy ishchilarni Naju shahriga jalb qilish bo'yicha o'rganishlar olib borilishi va tegishli vazirliklar orqali hamkorlik o'rnatish masalalari kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish