O'zbekiston hududlari va Hindistonning Kerala shtati o'rtasidagi aloqalar jadallashadi
Mart 25, 2025. 14:08 • 2 daq
• 81
DEHLI, 25-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Kerala shtatida joylashgan Kojikode shahrida sanoat, sog'liqni saqlash, ta'lim, turizm, madaniyat va boshqa sohalarda faoliyat yuritadigan kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlik so'nggi yillarda izchil rivoj topayotgani, ikki tomonlama sheriklikni mazmunan boyitish uchun qulay imkoniyatlar va muhit yaratilayotgani haqida so'z yuritildi. Ushbu jarayonda, ayniqsa, hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish va mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotgani urg'ulandi.
O'zbekiston viloyatlari va Kerala shtati tadbirkorlari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalar o'rnatish, hududlararo hamkorlikning keng salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ta'kidlandi.
To'qimachilik, charm-poyabzal, sog'liqni saqlash, farmakologiya, turizm va boshqa yo'nalishlarda qo'shma loyihalar amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ayniqsa, ziyorat turizmi sohasidagi aloqalarni jadal rivojlantirish uchun jozibador muhit mavjudligi alohida qayd etildi.
Kerala shtati, jumladan, Kojikode shahrida istiqomat qiladigan musulmonlar jamiyati a'zolari Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa buyuk allomalar vatani bo'lgan O'zbekistondagi tarixiy va islom obidalarini ziyorat qilishga katta qiziqish bildirishi ma'lum qilindi.
Elchixona vakillarining Kojikodega amaliy safari doirasida ochilish marosimi bo'lib o'tgan "Futuh Holidays" sayyohlik kompaniyasi O'zbekistonga ziyorat turlarini tashkil qilishni o'z faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri qilib belgilagan.
Hindiston bosh muftiysi, "Markaz Knowledge City" majmuasi raisi Shayx Abubakr Ahmad bilan bo'lib o'tgan muloqot chog'ida ham ziyorat turizmi va madaniy-ma'rifiy yo'nalishlardagi aloqalarni rivojlantirish to'g'risida fikr almashildi. Toshkentda barpo etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mazkur majmua o'rtasida hamkorlik o'rnatish, buyuk o'zbek allomalarining bebaho merosini birgalikda tadqiq qilish masalalari muhokama qilindi.
"Alif Global School" umumiy o'rta ta'lim maktabi raisi Ali Abdurahmon bilan suhbat diqqat markazida O'zbekiston ta'lim muassasalari va mazkur maktab o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish, o'qituvchilar va o'quvchilar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish masalalari turdi.
Mamlakatimiz elchixona va "Markaz Knowledge City" majmuasi hamkorligida yaqin kunlarda Kerala shtati ishbilarmonlari delegatsiyasining O'zbekistonga safarini tashkil qilish, joylarda o'zaro hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilab olish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi