O'zbekiston bank-moliya sohasi mutaxassislari uchun Malayziyada islom moliyasi bo'yicha seminar-trening tashkil etildi
Iyul 16, 2025. 12:25 • 2 daq
• 52
KUALA-LUMPUR, 16-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning bank-moliya sohasi mutaxassislaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi islom moliyasi bo'yicha tajribasini o'rganish uchun Malayziyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif doirasida O'zbekiston delegatsiyasi uchun Islom moliyasi ekotizimini tartibga solish va rivojlantirish mavzusida 14-18-iyul kunlari seminar-trening tashkil etildi. Treninglar Malayziyaning ixtisoslashgan Islom moliyasi ta'limi bo'yicha xalqaro markaz – INCEIF universitetning Xalqaro shariat tadqiqotlari akademiyasi ISRA instituti tomonidan o'tkazilmoqda.
INCEIF universiteti va ISRA instituti rahbariyati, mamlakatimiz elchixona va delegatsiyasi vakillari ishtirokida seminar-treningning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
INCEIF universiteti prezidenti va bosh ijrochi direktori Moxd Azmi Umar o'z nutqida Malayziya bugungi kunda global islom moliyasining yetakchi markazi sifatida e'tirof etilishini, mamlakat islom moliyasi ekotizimini rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy baza, ilg'or ta'lim va tadqiqot muassasalari orqali katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta'kidladi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga Malayziya islom moliyasi bo'yicha mustahkam va rivojlangan qonunchilikka egaligini, O'zbekiston bu tajribani o'rganish va o'z qonunchiligiga eng maqbul tamoyillarni joriy etish manfaatli bo'lishini bildirdi.
O'quv-seminar davomida yurtimiz mutaxassislari Malayziyada islom moliyasining huquqiy asoslari, uni tartibga solishning ilg'or tajribalari va muammolari, sohada samarali siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlari, O'zbekistonda islom moliyasi tizimini rivojlantirish strategiyalarini tahlil qilish, tartibga soluvchi organlar, moliya muassasalari va shar'iyat kengashlari bilan hamkorlikda ishlash bo'yicha ta'lim oladi.
Shuningdek, mamlakatimiz vakillari amaliy ko'nikmalarni hosil qilish uchun Malayziya Markaziy banki, Soliq agentligi, "Malayan Banking Berhad" banki faoliyati bilan tanishishlari ko'zda tutilgan.
1983-yilda Malayziyada islom moliyasi uchun eng muhim xodisa – Islom bankchiligi to'g'risidagi qonun va 1984-yilda islom sug'urtasi – Takaful qonuni qabul qilingan. 1993-yilda Malayziya Markaziy banki an'anaviy banklarga islomiy "darchalar" ochishga ruxsat berishi ortidan islom bank xizmatlarining mamlakat bo'ylab keng tarqalishiga imkon yaratilgan.
2025-yil holatiga ko'ra, Malayziyadagi islom bankchiligi aktivlari taxminan 260 milliard AQSh dollariga yetgan va mamlakat bank tizimidagi jami kreditlarning 42 foizini tashkil etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi