Toshkent viloyati va Polshaning Mazoviya voyevodligida ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo'lib o'tdi
Fevral 22, 2024. 15:01 • 2 daq
• 211
VARSHAVA, 22-fevral. /"Dunyo" AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi mamlakatimiz ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning Polshaga safari davomida Mazoviya voyevodligida qo'shma biznes-forum bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Iqtisodiy forumda Polsha va Yevropa biznesi vakillari hamda O'zbekiston tadbirkorlari qatnashdi.
Forumni Mazoviya voyevodligi marshali (hokimi) Adam Struzik ochdi. U Polsha va O'zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o'xshashligini, Toshkent viloyati va Mazoviya voyevodligi o'rtasida hamkorlikning yo'lga qo'yilishi esa ikki tomonlama munosabatlar rivojiga ijobiy turtki berishini ta'kidladi. Marshal, shuningdek, mazkur biznes-forum Mazoviya va boshqa Polsha kompaniyalari vakillariga o'zbekistonlik hamkorlar bilan muloqotni rivojlantirish uchun yangi imkoniyat yaratganini bildirdi.
«O'zbekistondagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy o'zgarishlar Yevropada ijobiy baholanayotgani xorijiy sarmoyadorlar uchun chaqiruv vazifasini bajarishi kerak. Men Yevropa kompaniyalarini O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga chaqiraman», dedi Adam Struzik.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o'z chiqishida forum ishtirokchilarini viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti bilan tanishtirdi. Hokim Toshkent viloyatida tadbirkorlik faoliyatini boshlash, hamkorlik qilish, qo'shma korxonalar ochish istagida bo'lgan Polsha va Yevropa kompaniyalarini O'zbekistonga taklif qildi.
Biznes-forum davomida O'zbekiston qonunchiligida investorlar huquqlarini himoya qilish, sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va taqdim etilgan imtiyozlar, mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagida bo'lgan polshalik tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo'lgan qadamlar muhokama qilindi.
Forum yakunlari bo'yicha "Polsha-Osiyo" savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Polsha o'rta va kichik biznes federatsiyasi o'rtasida hamkorlik bitimlari imzolandi.
Tadbir doirasida Toshkent viloyati delegatsiyasi a'zolari va Mazoviya voyevodligi marshali Adam Struzik o'rtasida alohida muzokaralar bo'lib o'tdi. Unda ikki viloyat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi