Logo

TMK va Xitoyning "PPP (Hong Kong) Ltd.": Xromdan sof mahsulotgacha hamkorlik

Iyul 11, 2025. 17:49 • 50 soniya

90
TMK va Xitoyning "PPP (Hong Kong) Ltd.": Xromdan sof mahsulotgacha hamkorlik

TOSHKENT, 11-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) va Xitoyning "PPP (Hong Kong) Ltd." kompaniyasi vakillari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Uchrashuv avvalida TMK vakillari kombinatning hozirgi faoliyati va istiqbolli investitsiya loyihalariga bag'ishlangan taqdimot o'tkazishdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Xususan, O'zbekistonda yaratilayotgan qulay investitsiya muhitidan foydalangan holda, kritik xomashyo yo'nalishida qo'shma korxona tashkil etish taklifi ilgari surildi.

 "PPP (Hong Kong) Ltd." vakillari kompaniyaning xrom, nikel va kobaltni qayta ishlash hamda ushbu metallar asosida mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha salohiyati va zamonaviy texnologiyalarga egaligini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, O'zbekistonda xrom xomashyosini qayta ishlab sof xrom ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha hamkorlikka tayyorligini ma'lum qildi.

"PPP (Hong Kong) Ltd." kompaniyasi Gonkongda ro'yxatdan o'tgan. U xrom, nikel, kobalt kabi strategik metallar bilan ishlovchi xalqaro kompaniya bo'lib, Xitoy, BAA, Janubiy Afrika, Hindiston, Misr va Qozog'iston kabi yirik bozorlarni qamrab olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish