Toshkent viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyasi Germaniyaning Hessen federal o'lkasiga bordi
Avgust 12, 2025. 19:53 • 3 daq
• 63
FRANKFURT-MAYN, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida delegatsiyaning Germaniyaning Hessen federal o'lkasiga amaliy safari uyushtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida qator moliya institutlari va yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Xususan, kooperativ banklar guruhiga xizmat ko'rsatuvchi va Germaniyada aktivlar hajmi bo'yicha ikkinchi yirik moliya tashkiloti – "DZ BANK" rahbarlari bilan uchrashuvda tomonlar sanoat loyihalari uchun korporativ va investitsiyaviy moliyalashtirish, savdo moliyasi hamda "B2B" shaklida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
"ODDO BHF" Fransiya-Germaniya mustaqil bank guruhi rahbarlari bilan muloqotda xususiy sarmoya va aktivlar boshqaruvi orqali hududiy loyihalarga investitsiya jalb etish, eksportga yo'naltirilgan korxonalarni moliyalashtirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.
Bundan tashqari, "AKA Bank" eksport-kreditlashga ixtisoslashgan bank konsorsiumi mutasaddilari bilan kechgan suhbatda eksport kredit agentliklari (ECA) kafolatlari asosida uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlarini qo'llash bo'yicha kelishuvga erishildi.
Frankfurtda joylashgan yirik "Helaba" tijorat bankida bo'lib o'tgan muzokarada tomonlar infratuzilma va ishlab chiqarish loyihalarini sindikat kreditlari va kapital bozori instrumentlari orqali qo'llab-quvvatlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Toshkent viloyati delegatsiya "AMK Global GmbH", "Falk-Porsche-Technik GmbH", "Kessler Zoologiegroßhandel GmbH & Co. KG", "Weingut Koegler" va "Azerbaijan-Uzbekistan Investment Company (AUIC)" kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Ularda chiqindilarni qayta ishlash, sanoat materiallari va uskunalar, oziq-ovqat tarmog'i, vinochilik hamda qo'shma investitsiya platformalaridan foydalanish masalalari ko'rib chiqildi. "AMK Global"ning Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni qayta ishlash loyihasi bo'yicha ishlashga tayyorligi qayd etildi.
Toshkent viloyatida sanoat sohasida mis mahsulotlari va kimyoviy chidamli tolali kompozitsiyalar, polimer quvurlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sintetik tola va bo'yash texnologiyalari asosida tayyor mato eksportini kengaytirish, farmatsevtika yo'nalishida bir qator dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi standartlari asosida yetishtirish va qayta ishlash, quritilgan meva-sabzavot hamda dukkakli mahsulotlar eksportini oshirish, vinochilik bo'yicha tajriba almashish kabi yo'nalishlar bo'yicha nemis investitsiya va texnologiyalarini jalb etishga kelishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, "A" toifali zamonaviy logistika markazini barpo etish orqali tashqi bozorlarga tezkor chiqish imkoniyatlarini yaxshilash, tog' va ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha qo'shma loyihalar ishlab chiqish hamda yoshlarni Germaniyaning dual kasbiy ta'lim modeli asosida o'qitish, amaliyot va ishga yo'naltirish dasturlarini yo'lga qo'yish kabilar hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlar etib belgilandi.
Delegatsiya a'zolari Hessendagi vinochilik, bog'dorchilik va chorvachilik klasterlari faoliyatini o'rgandi. Qo'shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, brendlash va sertifikatlash bo'yicha hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar ijrosini ta'minlash maqsadida soha kesimida ishchi guruhlari va "yo'l xaritalari"ni tuzish, moliya-investitsiya sxemalarini aniqlash hamda yirik banklar bilan davomiy muloqotni yo'lga qo'yishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi