O'zbekiston va Malayziya olimlari musulmon olamining dunyo ilm-fani va silsilaga qo'shgan hissasini tadqiq qilmoqda
Iyul 03, 2025. 09:27 • 3 daq
• 156
KUALA-LUMPUR, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 30-iyun - 1-iyul kunlari Malayziyaning Islom sivilizatsiyasi institutida O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikda "Donishmandlik ko'prigi: Musulmon olamining ilm, falsafa va silsilaga qo'shgan hissasi" nomli beshinchi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Malayziya Milliy universiteti prorektori Faysal Muhammad, Malayziyaning Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham va O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov o'z chiqishida ishtirokchilarga mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berdi. U yosh tadqiqotchilarni ilm orqali jamiyatda bag'rikenglik va birdamlik g'oyalarini keng targ'ib qilishga va bu boradagi ikki tomonlama olimlar va tadqiqotlar almashinuvlarini kengaytirishga chaqirdi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev O'zbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning nafaqat islom olami, balki dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qo'shgan beqiyos hissasi haqida to'xtaldi. Ulug' ajdodlarimizning boy ilmiy merosini birgalikda o'rganish va o'zligimizni, tariximizni yosh avlodlarga yetkazish davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O'zbekiston va Uchinchi Renessansni qurish yo'lidagi muhim qadam ekanligini alohida ta'kidlandi.
Ikki kun davom etgan ushbu seminar "Siyosiy fanlar, siyosiy falsafa va axloqiy boshqaruv" va "Matematika, astronomiya va tibbiy innovatsiyalardagi inqilobiy yangiliklar" kabi sessiyalarni o'z ichiga oldi. Unda 50 ga yaqin islom dunyosi olimlari o'zlarining 27 ta tadqiqotlari bilan ishtirok etdi.
Ta'kidlash joizki, buyuk islom sivilizatsiyasi olimlari boy ilmiy merosini o'rganishga qaratilgan ushbu qo'shma tadqiqot platformasi 2020 yilda tashkil etilgan bo'lib, uning to'rtinchi seminari 2024 yilda Toshkent shahrida o'tkazilgan.
O'zbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyidagi Malayziyaga rasmiy tashrifidan so'ng mazkur yo'nalishdagi hamkorlik yana-da jadallashdi.
Fariza Sham, Malayziyaning Islom hadlari (sivilizatsiyasi) instituti direktori:
– An'anamizga sodiq qolgan holda beshinchi marotaba Islom sivilizatsiyasi ulamolari seminarini yangi "Donishmandlik ko'prigi: Musulmon olamining ilm, falsafa va silsilaga qo'shgan hissasi" mavzusida o'tkazdik.
Bundan besh yil avval O'zbekiston tomoni bilan o'zaro anglashuv memorandumini imzolash orqali boshlangan hamkorligimiz bugun doimiy muloqot va tadqiqot platformasiga aylanib ulgurdi.
Hozirda Islom hadhari instituti O'zbekistondagi bir qancha nufuzli institutlar yaqin hamkorlikda ishlab kelmoqda.
O'zbekiston elchixonasi ko'magi bilan tashkil etilgan ushbu seminar musulmon olimlari, o'qituvchilari va tadqiqotchilari uchun ilm-fan, texnologiya, din, psixologiya, jamiyat, fiqh, hadis va tafsir kabi turli sohalarda musulmon allomalarining buyuk ilmiy merosini o'rganish va qayta ko'rib chiqish uchun muhim platforma bo'lishi bilan juda ahamiyatlidir.
Islom sivilizatsiyasining oltin davridagi musulmon olimlari ilm rivojiga katta ta'sir ko'rsatdi va bu hissalarni zamonaviy sharoitda yana bir bor o'rganish biz uchun juda muhimdir.
Umid qilamizki, mumtoz islom qo'lyozmalarida qayd etilgan nazariyalar, tamoyillar va bilimlar bugungi avlod tomonidan qaytadan kashf etiladi va chuqur o'rganiladi. Bu bizning intellektual merosimizni asrab-avaylash va uning musulmon ummatiga foyda keltirishda davom etishiga yordam beradi.
Seminar natijalari ikki mamlakat institutlari o'rtasida o'zaro manfaatli tadqiqot ishlarini yaratilishiga, kitoblar va maqolalar chop etilishiga, shuningdek Malayziya va O'zbekiston o'rtasidagi xodimlar va talabalar almashinuvi dasturlari orqali akademik aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi