O'zbekiston va BMT Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalari yana-da kengayadi
Fevral 16, 2024. 17:50 • 2 daq
• 161
RIM, 16-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev BMT Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi prezidenti Alvaro Lario bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida tomonlar so'nggi yillarda O'zbekiston va mazkur jamg'arma o'rtasidagi aloqalarning yana-da faollashganini ta'kidlashdi.

Mamlakatimizda BMT Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida bog'dorchilik va sutchilik yo'nalishida 100 mingdan ziyod qishloq aholisi manfaatdor bo'lgani mamnuniyat bilan aytib o'tildi.
«O'zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkorimiz deb bilamiz. So'nggi yillarda jamg'armaning O'zbekistondagi loyihalari hajmi jadal sur'atlarda oshib borayotgani quvonarli. E'tiborlisi, o'zaro aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi. Buning yorqin dalili sifatida jamg'arma vakolatxonasining Toshkentda ochilishini aytishimiz mumkin», – deya ta'kidladi jamg'arma rahbari Alvaro Lario.
Jamg'armaning 2023-2027-yillarga mo'ljallangan dasturi «O'zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan keng ko'lamli islohotlarga hamohang bo'lib, unga hissa qo'shishi, xususan, fermerlar daromadini ikki barobar oshirishda yordam berishi urg'ulandi.
Tomonlar kelgusida mamlakatimiz qishloq xo'jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ushbu jamg'arma salohiyatidan kengroq foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
BMT Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi rivojlanayotgan davlatlarning qishloq xo'jaligini rivojlantirish, dehqon va kichik fermerlarni qo'llab-quvvatlash hamda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha loyihalarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan moliya instituti hisoblanadi. O'zbekiston 2011 yilda ushbu jamg'armaga a'zo bo'lgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi