O'zbekiston-Latviya birinchi rektorlar forumi o'tkaziladi
Iyul 28, 2025. 09:46 • 55 soniya
• 88
RIGA, 28-iyul. /"Dunyo" AA/ Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekiston va Latviya o'rtasida oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Toshkent kimyo texnologiyalari universiteti rahbariyati, Latviya Rektorlar kengashi prezidenti, professor Arvids Borshevskis ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida joriy yilning 4-sentabr kuni Riga shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan O'zbekiston-Latviya birinchi rektorlar forumiga tayyorgarlik ko'rish masalalari muhokama qilindi. Forumda ikki mamlakat oliy o'quv yurtlari rahbarlari, ta'lim mutaxassislari va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi O'zbekiston va Latviya o'rtasida oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar sohasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish, qo'shma ta'lim dasturlari, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvi hamda qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha istiqbolli yo'nalishlarni belgilashdan iborat.
Tomonlar mazkur forum ikki davlat o'rtasida ta'lim sohasidagi muloqotni institutsional darajaga olib chiqish hamda Yevropa va Markaziy Osiyo oliy ta'lim muassasalarini yanada yaqinlashtirishda muhim qadam bo'lishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuv yakunida, bo'lajak anjumanda ishtirok etadigan universitetlar ro'yxatini shakllantirish va forum kun tartibini aniqlash bo'yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi