Logo

O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilgan o'zgarishlar Polshada bo'lib o'tgan xalqaro anjumanda taqdim etildi

Avgust 09, 2025. 08:20 • 2 daq

45
O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilgan o'zgarishlar Polshada bo'lib o'tgan xalqaro anjumanda taqdim etildi

SEXANUV, 9-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston vakillari Polshaning Sexanuv shahridagi Ignatsiy Mossiskiy nomidagi amaliy fanlar universitetida tashkil etilgan "Zamonaviy qishloq xo'jaligida sifat tizimlari" nomli III xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Polsha Fan va oliy ta'lim vazirligi, Akademik almashinuv milliy agentligi, Mazoviya voyevodligi marshal idorasi, Sexanuv shahri meriyasi, Germaniya, Vengriya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Polsha, Turkiya, Ukraina va O'zbekistondagi qishloq xo'jaligi universitetlari vakillarining ma'ruzalari tinglandi.

O'zbekiston diplomatik missiyasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, O'zbekiston-Polsha hamkorligi holati va istiqbollari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Yangi O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatini targ'ib qiluvchi videoroliklar namoyish etildi.

Shuningdek, O'zbekiston diplomatlari Polsha bilan qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo'yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti kafedra mudiri Shoxista Ishniyozova o'z chiqishida, O'zbekiston qishloq xo'jaligida amalga oshirilgan o'zgarishlar ahamiyati, yangi agrotexnologiyalar, innovatsion yechimlar va zamonaviy yutuqlar, yer unumdorligini oshirish va eko-chidamlilikka alohida e'tibor qaratdi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimiz elchixonasi ko'magida shu yil may oyidan oktyabr oyigacha "AgriCool" grant loyihasi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 120 nafar talabalari uchun "Green Crops"da va Krakov qishloq xo'jaligi universitetida o'quv kurslari tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish