Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Germaniyaning Berlin va Myunxen shaharlarida bo'ldi

May 02, 2025. 09:24 • 2 daq

150
O'zbekiston delegatsiyasi Germaniyaning Berlin va Myunxen shaharlarida bo'ldi

BERLIN, 2-may. / "Dunyo" AA/. Joriy yilning 25-30-aprel kunlari axborot-texnologiyalari sohasi vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi amaliy safar bilan Germaniyaning Berlin va Myunxen shaharlarida bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrifdan maqsad Germaniyaning IT sohasidagi raqamli savodxonlik, raqamli ko'nikmalar va tadqiqotlar sohasidagi ilg'or bilim va tajribalari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, madaniy aloqalarni mustahkamlash, ta'lim sohasida yosh mutaxassislar almashinuvini yo'lga qo'yish, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda xorijda yashayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlashdan iborat bo'ldi.

Amaliy safar yurtimiz elchixonasi tomonidan O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va "O'zbekiston–Germaniya" do'stlik jamiyati ko'magida tashkil etildi.

Myunxen shahriga tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlik yo'nalishlariga bag'ishlangan bir qator muhim tadbirlar o'tkazildi. Xususan, delegatsiya vakillari "Apple" kompaniyasida ishlab chiqarish jarayoni, Lyudvig-Maksimilian universitetida sun'iy intellekt sohasida olib borilayotgan ta'lim jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, delegatsiya a'zolari dunyoga mashhur "BMW" korxonasida tashkil etilgan zamonaviy avtomashinalar ko'rgazmada bo'lib, sohaga tadbiq etilayotgan yangiliklar va ilg'or tajribalarni ko'zdan kechirdi. Tashrif chog'ida IT tarmog'ida innovatsion va qo'shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

Myunxen tashrifi doirasida o'zbek xalqinining madaniy xilma-xilligini, xalqimiz qadriyatlarini ko'rsatish maqsadida Navro'z umumxalq bayrami Germaniyaning turli shaharlarida, aynan IT tarmog'ida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar hamda nemis tomoni ishtirokida nishonlandi. Tadbir doirasida "Yangi O'zbekiston – yangi nigohlarda" nomli fotoko'rgazma hamda milliy hunarmandchilik buyumlari namoyishi tashkil etildi.

Germaniyaning Bayroyt shahrida tashkil etilgan "Bavariya–O'zbekiston" hamda "O'zbekiston–Germaniya" do'stlik jamiyatlari vakillari uchrashuvida o'zaro madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirish, ilmiy munosabatlarda ishonchli hamkor sifatida koordinator bo'lish, o'zbek–nemis xalqlari o'rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishga kelishib oldilar. Ikki mamlakat do'stlik jamiyatlari o'rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Navbatdagi uchrashuv mamlakatimiz elchixonasida bo'lib o'tdi. Elchi Dilshod Axatov mehmonlarga uchrashuv va muzokaralar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari uchun muhimligini ta'kidlar ekan, raqamli texnologiyalar sohasidagi va akademik aloqalar hamda investitsion loyihalarni kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda samara keltirishini ta'kidladi. Ushbu safar doirasida o'tkazilgan barcha uchrashuv va tadbirlar O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi aytildi. Berlin-Toshkent birodarlashgan shaharlar ishini yanada yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha qator taklif qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish