Logo

O'zbekistonda madaniyat, ta'lim va innovatsiyalar sohalarida kechayotgan islohotlar va mamlakatimiz tashabbuslari Budapeshtda taqdim etildi

Aprel 29, 2025. 19:17 • 2 daq

60
O'zbekistonda madaniyat, ta'lim va innovatsiyalar sohalarida kechayotgan islohotlar va mamlakatimiz tashabbuslari Budapeshtda taqdim etildi

BUDAPESHT, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avaz Tojixonov va oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o'rinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya 28-29-aprel kunlari Vengriya poytaxtida bo'lib o'tgan madaniyat, ta'lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekiston tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda madaniy-gumanitar, ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ishtirokchilarga batafsil ma'lumot berdi. Mazkur islohotlar doirasida madaniyat muassasalarini keng qamrovli o'zgartirish, ta'lim infratuzilmasi takomillashtirilayotgani, ilmiy faoliyat rag'batlantirilayotgani, zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani alohida ta'kidlandi.


O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari bilan ushbu sohalarda faol hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi. Delegatsiya vakillari muvaffaqiyatli qo'shma loyihalarning aniq namunalarini taqdim etdi va ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, ayniqsa, ilg'or tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va qo'shma tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.


Yig'ilish yakunlari bo'yicha turkiy davlatlar va Vengriya o'rtasida oliy ta'lim, fan, innovatsiya va madaniyat sohalarida hamkorlik to'g'risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Hujjatda mazkur sohalarda qo'shma loyihalar ishlab chiqish, tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlash bo'yicha umumiy majburiyat o'z ifodasini topgan.


Tashrif doirasida O'zbekiston delegatsiyasining Vengriya madaniyat va innovatsiyalar vaziri Balaj Xanko bilan ikki tomonlama uchrashuvi bo'lib o'tdi. Muzokaralar chog'ida tomonlar madaniy aloqalarni mustahkamlash istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar, shuningdek, oliy ta'lim va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini belgilab oldilar.


Ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi do'stlikni yana-da boyitish va mustahkamlashga xizmat qiladigan qo'shma ta'lim dasturlari, talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvi, qo'shma ilmiy loyihalar va madaniy tadbirlar tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.


Bo'lib o'tgan uchrashuvlar yakunlari bo'yicha O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash uchun yangi ufqlarni ochadigan yo'nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish