Logo

Dehlida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamda MERI institutlar guruhi o'rtasida O'zaro anglashuv memorandumi imzolandi

Avgust 25, 2025. 10:57 • 1 daq

134
Dehlida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamda MERI institutlar guruhi o'rtasida O'zaro anglashuv memorandumi imzolandi

DEHLI, 25-avgust. /"Dunyo" AA/. Dehli shahrida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti (DTPI) hamda MERI institutlar guruhi o'rtasida O'zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

DTPI rektori Oybek Ro'ziyev boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga amaliy safari doirasida Dehli shahridagi MERI institutlar guruhida muzokaralar o'tkazdi.

Uchrashuv chog'ida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining akademik tizimi taqdim etildi. Ushbu oliy ta'lim muassasasida yoshlar menejment, biznes, pedagogika, sun'iy intellekt, bank ishi va boshqa yo'nalishlar bo'yicha tahsil olayotganiga alohida e'tibor qaratildi.

MERI institutlar guruhi vitse-prezidenti professor Lalit Aggarval ushbu oliy ta'lim muassasasining qirq yillik faoliyati davomida erishgan yutuqlari, xususan, akademik mukammallik, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida so'zlab berdi.

MERI o'z faoliyatida sun'iy intellekt vositasidagi ta'lim va tadbirkorlikka alohida e'tibor qaratib, ushbu jarayonda o'zining inkubatsiya markazi va mahalliy innovatsion yechimlaridan keng foydalanadi.

Tomonlar ikki oliy ta'lim muassasasi o'rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Ushbu sheriklik pedagogika, tadbirkorlik va xalqaro munosabatlar kabi asosiy yo'nalishlarni qamrab olishi mumkinligi ta'kidlandi.

O'zaro anglashuv memorandumi qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvini yo'lga qo'yish hamda boshqa akademik dasturlarni amalga oshirishga yo'l ochadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish