Riga shahrida O'zbekiston-Latviya rektorlarining I forumi bo'lib o'tdi
Sentabr 05, 2025. 10:57 • 57 soniya
• 78
RIGA, 5-sentabr. /"Dunyo" AA/. Latviyada boshlangan O'zbekiston madaniyati kunlari doirasida Riga shahrida O'zbekiston-Latviya rektorlarining I forumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ikki davlatning 50 dan ortiq yetakchi oliy o'quv yurtlari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumni O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'rotboy Sharipov hamda Latviya ta'lim va fan vaziri Dace Melbarde ochib berdi.
Tadbirda universitetlararo hamkorlik bo'yicha uslubiy va amaliy dasturlarni birgalikda tayyorlash, talabalar almashinuvi, ikki tomonlama diplom amaliyotini joriy etish, professor-o'qituvchilar malakasini oshirish, o'quv jarayonida AKTdan keng foydalanish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga yangicha yondashuvlar kabi yo'nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir Qo'ng'rotboy Sharipov latviyalik hamkasblariga O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy hamkorlar bilan universitetlararo hamkorlik bo'yicha rejalashtirilgan loyihalar haqida so'zlab berdi.
Forum doirasida ikki mamlakat universiteti o'rtasida 20 dan ortiq tegishli hamkorlik shartnomalarini imzolashga kelishib oldilar. Ular ilmiy, pedagogik va ma'muriy kadrlar almashinuvi, bakalavriat, magistratura, aspirantura va doktorantura darajasida talabalar almashinuvi dasturlari, shuningdek, ilmiy, akademik va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, qo'shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, Latviya va YI mablag'lari hisobidan ilmiy-tadqiqot grantlarini jalb etishni nazarda tutadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi