Logo

Geologiya fanlari universiteti delegatsiyasining Pokistonga safari samarali akademik hamkorlik istiqbollarini ochib berdi

Iyul 14, 2025. 09:57 • 2 daq

98
Geologiya fanlari universiteti delegatsiyasining Pokistonga safari samarali akademik hamkorlik istiqbollarini ochib berdi

ISLOMOBOD, 14-iyul. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 5-12-iyul kunlari mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Geologiya fanlari universiteti o'quv ishlari bo'yicha prorektori Leyla Sharafutdinova boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amaliy safari uyushtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimizdan kelgan delegatsiya vakillari bilan elchixonada o'tkazilgan uchrashuv chog'ida O'zbekiston-Pokiston o'rtasida oliy ta'lim, jumladan geologiya, geofizika va konchilik yo'nalishlarida hamkorlikni jadallashtirish, istiqbolli loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish bo'yicha takliflar va bu boradagi tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi.

Islomobod va Karachi shaharlariga safar davomida Quayd-i-A'zam universiteti, Bahriya universiteti, Fan va texnologiyalar milliy universiteti, G'ulom Is'hoq Xon nomidagi Injenerlik fanlari va texnologiyalari instituti, Karachi universiteti hamda Urdu universiteti rahbariyati, professor-o'qituvchilari va talabalari bilan uchrashuvlar o'tkazildi.

Ularda Geologiya fanlari universitetining tashkiliy tuzilmasi, ilmiy-akademik salohiyati, o'qitish metodologiyasi, tadqiqot-tajriba poligonlari, xalqaro hamkorlik yo'nalishlari, talabalarning nazariy va amaliy bilim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar to'g'risida taqdimotlar o'tkazildi.

Pokiston universitetlari bilan bakalavriat yo'nalishida "2+2" va magistratura yo'nalishida "1+1" shakllarida dual ta'lim dasturlarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida professor-o'qituvchilar va talabalar uchun qo'shma tadqiqotlar, almashinuv dasturlari va akademik safarlarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Quayd-i-A'zam universitetida aniq mavzular bo'yicha tor profildagi tadqiqotlarni boshlash, natijalar asosida nufuzli jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish bo'yicha tomonlarning rejalari muvofiqlashtirildi.

Bahriya universitetining Islomobod va Karachi kampuslarida qo'shma akademik loyihalar, geofizika va raqamli xaritalar yaratish sohalarida hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar o'tkazildi. Uchrashuv yakunida ikki universitet o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Fan va texnologiyalar milliy universitetida sohaviy dasturiy ta'minotlar, geologiya sohasida sun'iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, avgust-sentyabr oylarida Geologiya fanlari universiteti bazasida Quayd-i-A'zam universiteti, Bahriya universiteti va Fan va texnologiyalar milliy universiteti o'qituvchilari va talabalari uchun nazariya va amaliyotni uyg'unlashtirgan Yozgi maktab tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

G'ulom Is'hoq Xon nomidagi Injenerlik fanlari va texnologiyalari xususiy universitetida geologiya fakultetini tashkil etish, o'quv jarayonlarini yo'lga qo'yish, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Karachi universiteti va Urdu universiteti bilan esa mineral resurslar va gidrogeologiya yo'nalishlarida ilmiy-akademik hamkorlikni faol yo'lga qo'yish, hamkorlikda zamonaviy standartlarga mos ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, dolzarb mavzular va loyihalar ustida birgalikda ishlash bo'yicha kelishib olindi.

Geologiya fanlari universiteti delegatsiyasining mazkur safari ikki tomon oliy ta'lim muassasalari o'rtasida aniq maqsadga yo'naltirilgan o'zaro manfaatli va samarali hamkorlik istiqbollarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish