Logo

Joriy yilning 10 oyida O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o'sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi

Dekabr 03, 2024. 10:11 • 2 daq

283
Joriy yilning 10 oyida O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o'sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi

TOSHKENT, 3-dekabr. /"Dunyo" AA/. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov kecha O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo'yicha ishchi guruhining 3-yig'ilishida onlayn tarzda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda O'zbekiston va Rossiya o'rtasida savdo, sanoat, energetika, transport va qishloq xo'jaligi sohalarida amaldagi kelishuvlarning ijro etilishining bugungi holati atroflicha ko'rib chiqilib, amalga oshirish jarayonini jadallashtirish bo'yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.

Xususan, joriy yilning 10 oyida ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o'sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi. O'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilardan yetkazib berilayotgan mahsulotlar ro'yxati 68 ta yangi pozitsiyaga ko'paydi.

Tomonlar asosiy maqsadi ikki mamlakatning o'zaro savdo ko'rsatkichlarini 30 milliard dollarga yetkazish bo'lgan O'zbekiston Respublikasi bilan Rossiya o'rtasidagi 2024-2030-yillarga mo'ljallangan tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo'yicha Qo'shma harakatlar rejasini amalga oshirilishini atroflicha ko'rib chiqdilar. Shu o'rinda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi, transport va agrosanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha tomonlar ko'p qirrali o'zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdilar hamda O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishini joriy yil oxirigacha Moskva shahrida o'tkazish muddatlarini kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish