Logo

O'zbekiston banklari vakillaridan iborat delegatsiya Pokistonda bo'ldi

Aprel 21, 2025. 15:41 • 2 daq

166
O'zbekiston banklari vakillaridan iborat delegatsiya Pokistonda bo'ldi

ISLOMOBOD, 21-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida shu yil 16-18-aprel kunlari O'zbekiston Markaziy banki, "O'zmilliybank", "Asakabank" va "Sanoatqurilishbank" vakillaridan iborat delegatsiyaning Pokistonning Karachi shahriga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Pokiston davlat va tijorat banklari bilan hamkorlik istiqbollari, jumladan raqamli texnologiyalarga asoslangan sheriklik munosabatlarini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston Davlat banki rahbariyati bilan o'tkazilgan uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida savdo amaliyotlari, to'lov tizimlari, banklararo munosabatlar, eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirish va xalqaro to'lovlar samaradorligi bo'yicha hamkorlik masalalari xususida fikr almashildi.

Shuningdek, O'zbekiston-Pokiston Markaziy banklari pul-kredit siyosati, islom moliyasi va bank ishi, "raqamli banking" yo'nalishlarida hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan ham fikr almashdi.

Pokistonning "Bank Al-Habib Limited", "HBL", "Meezan Bank", "Habib Metropolitan Bank", "UBL-Bank", "Askari Bank" va "Soneri Bank" tijorat banklari bilan mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo, "komplayens nazorat" usullari, eksport-import operatsiyalaridagi hisob-kitoblar masalalari ko'rib chiqildi.

Ikki mamlakat tijorat banklari o'rtasida SWIFT kalitlarini almashish, korrespondentlik hisob-varaqlar sonini ko'paytirish, banklarning mijozlari o'rtasida o'zaro hisob-kitoblarda zamonaviy usul – "LC – letter of credit" to'lov uslubini joriy qilishni ilgari surish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

O'zaro muzokaralarni davom ettirish, hamkorlikning yangi yo'nalishlarini muhokama qilish uchun Pokiston davlat banki va tijorat banklari vakillari delegatsiyasi O'zbekistonga taklif etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish