Logo

Yoqutxon Xolbekova Dehli shahrida o'tkazilayotgan para yengil atletika bo'yicha jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi

Sentabr 29, 2025. 14:50 • 2 daq

335
Yoqutxon Xolbekova Dehli shahrida o'tkazilayotgan para yengil atletika bo'yicha jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi

DEHLI, 29-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston milliy terma jamoasi Dehli shahrida bo'lib o'tayotgan para yengil atletika bo'yicha jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

27-sentyabr – 7-oktyabr kunlari bo'lib o'tayotgan chempionatga 100 dan ortiq davlatdan rekord darajadagi sportchilar tashrif buyurgan.

O'zbekistonlik sportchilarning chiqishlari birinchi kundanoq yorqin va samarali bo'ldi.

Bugun kunning birinchi yarmida Yoqutxon Xolbekova uzunlikka sakrash (5,54 m, T12 toifasi) bo'yicha musobaqalarda eng yuqori natijani ko'rsatib, oltin medal sohibasiga aylandi.

Chempionatning birinchi kunida Kubaro Hakimova ayollar o'rtasida yadro uloqtirish bo'yicha musobaqalarda (F41 toifasi) kumush (10,17 m) medalni qo'lga kiritdi. Mamlakatimizning yana bir vakili Navro'za Ahmatova 9,49 m natija bilan to'rtinchi o'rinni egalladi.

Nayza uloqtirish bo'yicha bellashuvda (F46 toifasi) 41,97 m natija qayd etgan Shahina Yigitaliyeva O'zbekiston terma jamoasi hisobiga yana bitta kumush medalni keltirdi.

Yadro uloqtirish bahslarida (F37 toifa) Tolibboy Yo'ldoshev bronza medali sohibi bo'ldi (15,86 m).

Chempionatning ikkinchi kuni Yorqinbek Odilov yengil atletika muxlislarini mamnun etdi.

O'zbekiston terma jamoasi a'zosi nayza uloqtirish bo'yicha (F57 toifa) 52,06 m natija bilan shohsupaning ikkinchi pog'onasiga ko'tarildi.

Shu tariqa, mamlakatimiz vakillari chempionatning hozircha bitta oltin, uchta kumush va bitta bronza medalini jamladi.

Hindistondagi jahon chempionati 2028 yilgi yozgi Paralimpiya o'yinlari uchun muhim saralash bosqichi hisoblanadi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish