Logo

O‘zbekistonlik sportchi Tokida o‘tgan “ONE Samurai 1” xalqaro turniri g‘olibi bo‘ldi

May 02, 2026. 14:30 • 2 daq

710
O‘zbekistonlik sportchi Tokida o‘tgan “ONE Samurai 1” xalqaro turniri g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik sportchi Tokida o‘tgan “ONE Samurai 1” xalqaro turniri g‘olibi bo‘ldi

TOKIO, 2-may. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida aralash yakka kurash bo‘yicha nufuzli “ONE Samurai 1” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turnir doirasida o‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Avazbek Xolmirzayev amaldagi jahon chempioni, taniqli yapon sportchisi Yui Vakamatsuga qarshi oktagonga ko‘tarildi. Tomoshabinlarning katta e’tiborini tortgan keskin kechgan jangda Avazbek Xolmirzayev o‘zining yuksak tayyorgarligi, zarbalarining tezligi va aniqligini namoyish etib, ustunlikka erishishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi raundda u raqibiga kuchli va kutilmagan zarba berib, nokautga uchratdi hamda “ONE Flyweight MMA” divizionida jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston elchixonasida tashkil etilgan uchrashuvda Avazbek Xolmirzayev o‘z g‘alabasi nafaqat shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbek yakkakurash maktabining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining e’tirofi ekanini ta’kidladi. U ushbu natijaga mamlakatimizda sportni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilganini ta’kidlab, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, sportchi kelgusida ham o‘zbekistonlik atletlarning jahon arenasidagi raqobatbardoshligini oshirishga, nufuzli xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish