Maskatda o‘zbek mahsulotlarini O‘mon bozoriga chiqarish masalasi muhokama qilindi
May 04, 2026. 18:10 • 2 daq
• 152
MASKAT, 4-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari O‘mon Sultonligida yirik savdo do‘koniga ega bo‘lgan “Nesto” kompaniyasining ushbu davlatdagi rahbari Sayyid Xaled bin Mahfuz al-Busaydi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida o‘zbek mahsulotlarini “Nesto” savdo tarmoqlari orqali O‘mon bozoriga yetkazib berish istiqbollari, logistika imkoniyatlari hamda mahsulotlar sifatiga qo‘yiladigan talablar muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor oziq-ovqat mahsulotlari eksportini kengaytirish masalalariga qaratildi.
O‘mon tomoni O‘zbekiston mahsulotlari sifati bilan tanish ekanini va hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, Yaqin Sharq mintaqasidagi hozirgi vaziyat logistika zanjirlarida uzilishlarga sabab bo‘layotgani taʼkidlandi.
Joriy yil iyul oyida Maskatdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mahsulotlarni import qilish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishiga ishonch bildirildi. Vaziyat barqarorlashgach, mahsulotlarni Eron yoki Pokiston orqali ham tashib kelish mumkinligi qayd etildi.
Sayyid Xaled mavjud cheklovlar bartaraf etilguniga qadar o‘zbekistonlik eksportyorlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni davom ettirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Shu munosabat bilan shu yilning 11–15-may kunlari Maskatga tashrif buyuradigan mamlakatimiz eksportchi korxonalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi