Germaniyada og‘ir ahvolga tushgan vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi
Avgust 07, 2026. 10:30 • 2 daq
• 25
FRANKFURT-MAYN, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakillari Germaniyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga ko‘maklashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vatandoshimiz Bosh konsulxonaga aviachipta sotib olish uchun moliyaviy imkoniyati mavjud emasligi sababli yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hamyurtimizning maʼlum qilishicha, u vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Ruminiyaga borgan. U ish haqidagi maʼlumotni ijtimoiy tarmoqlar orqali topgan. Keyinchalik esa yaxshi ish sharoitini izlab Germaniyaga kelgan. Germaniya hududida qonuniy qolish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagani sababli u qiyinchiliklarga duch kelib, og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan.
Fuqaroning murojaatidan so‘ng Bosh konsulxona tomonidan Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida unga aviachipta sotib olish uchun zarur yordam ko‘rsatildi hamda O‘zbekistonga qaytishi tashkil etildi.
Shu bilan birga, Bosh konsulxona yurtdoshlar eʼtiborini mehnat migratsiyasi masalalariga masʼuliyat bilan yondashish zarurligiga qaratdi.
Ko‘p hollarda fuqarolar ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va tekshirilmagan internet manbalaridagi eʼlonlarga ishonib, ish beruvchilar va mehnat sharoitlari haqida yetarli maʼlumotga ega bo‘lmasdan xorijga chiqmoqda. Bunday qarorlar mablag‘larni yo‘qotish, qonuniy ish joyiga ega bo‘lmaslik, migratsiya qonunchiligini buzish va xorijda murakkab vaziyatlarga tushib qolishga olib kelishi mumkin.
Shu bois diplomatik vakolatxona fuqarolarga xorijga ishlash maqsadida chiqishdan oldin O‘zbekiston Migratsiya agentligiga murojaat qilib, ishonchli maʼlumot olish, mehnat shartlarini tekshirish hamda qonuniy mehnat qilish imkoniyatlarini o‘rganishni tavsiya qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi