O‘zbekiston va O‘mon yetakchilari oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar
Noyabr 16, 2026. 22:40 • 2 daq
• 26TOSHKЕNT, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Masqat shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidni ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘mon Sultoni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Prezidentimizni Sultonlikning oliy davlat mukofoti – “Ol Said” ordeni bilan taqdirladi.
Davlatimiz rahbari bunday yuksak e’tirof uchun O‘mon Sultoniga samimiy minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni butun O‘zbekiston xalqiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va mustahkam hamkorlikka ko‘rsatilgan yuksak hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Prezidentimiz O‘mon Sultonini mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
Ta’kidlanganidek, ushbu mukofot O‘mon Sultonining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga O‘zbekiston xalqi va davlati tomonidan bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.
Yetakchilarning oliy davlat mukofotlari bilan o‘zaro taqdirlanishi tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



