O‘zbekistonda Yangi Toshkent va Samarqanddagi “Shirin” massivida mehmonxona va turistik loyihalar uchun yangi imtiyozlar joriy etildi

Noyabr 17, 2026. 10:30 • 3 daq

• 59
O‘zbekistonda Yangi Toshkent va Samarqanddagi “Shirin” massivida mehmonxona va turistik loyihalar uchun yangi imtiyozlar joriy etildi

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Farmonga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri hamda Samarqand shahridagi “Shirin” massivida qiymati 50 million dollardan kam bo‘lmagan yirik loyihalar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu rejim qo‘llanadigan loyihalar toifalari orasida mehmonxona majmualari, tematik ko‘ngilochar parklar, dam olish maskanlari va integratsiyalashgan kurort zonalari ham bor. Savdo, turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalarida yetakchi xalqaro brendlar jalb qilinishi, buning uchun huquq egalari bilan dastlabki kelishuvga erishilgan bo‘lishi shart.

Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat xalqaro mehmonxona brendlari uchun alohida shartni ham nazarda tutadi. Dunyodagi eng yirik 50 ta mehmonxona brendi yoki 5 ta mehmonxona tarmog‘i reytingiga kiruvchi kompaniyalar loyihasi 50 million dollardan kam bo‘lsa ham, maxsus rejim imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.

Maxsus rejim doirasidagi loyihalarga qator yengilliklar beriladi. Jumladan, mol-mulk va yer solig‘idan 20 yilga ozod qilish, obyektlarni ijaraga berish yoki sotishdan olingan daromadga 5, 10 yoki 15 yil davomida 1 foizlik foyda solig‘i stavkasini qo‘llash, qurilish uchun olib kiriladigan jihoz va materiallarni bojxona bojlaridan ozod qilish, yer uchastkalarini auksion yoki tanlov orqali 49 yilgacha ijaraga berish shular jumlasidandir.

Farmonda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga oid alohida choralar ham belgilandi. Maxsus hududlarda turizm obyektlari tashkil etilishini rag‘batlantirish, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish va xizmat sifatini oshirish maqsadida Prezidentning PQ-238-son qarori (2023 yil 27 iyul) 2-bandida nazarda tutilgan imtiyoz va moliyaviy ko‘maklar muddati uzaytirildi. Unga ko‘ra, yangi mehmonxona quruvchi investorlarning xarajatlari quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:

  • 3 yulduzli toifadagi xonalar soni 60 tadan kam bo‘lmagan mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 million so‘m;
  • 4 va 5 yulduzli toifadagi xonalar soni 120 tadan kam bo‘lmagan mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 65 million so‘m.

Endi bu imtiyozlar maxsus hududlar uchun investitsiya miqdoridan qat’i nazar 2035 yil 1 yanvargacha amal qiladi.

Bundan tashqari, maxsus hududlarda restoran, sport va shaharsozlik obyektlari bo‘yicha xorijiy brendlarni jalb qilishdagi franshiza to‘lovlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish