Olmaotada og‘ir jarohat olgan vatandoshimizning yurtga qaytishiga yordam berildi
Sentabr 12, 2026. 17:00 • 2 daq
• 281
OLMAOTA, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi hamkorligida mehnat faoliyati davomida og‘ir tan jarohati olgan vatandoshimizning O‘zbekistonga xavfsiz qaytishi taʼminlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yilning 25-avgust kuni O‘zbekiston fuqarosi D.A. turmush o‘rtog‘i X.M.ni vatanga qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida X.M. Olmaota shahridagi qurilish obyektlarining birida ehtiyotsizlik oqibatida balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgani hamda 2026-yil 15-avgustdan buyon mahalliy tibbiyot muassasasida davolanayotgani aniqlandi.
Fuqaroning sog‘lig‘i va tibbiy holati inobatga olinib, Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi tomonidan uni mamlakatga qaytarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Saʼy-harakatlar natijasida, X.M. va uning turmush o‘rtog‘i “Qoplonbek–Navoiy” chegara nazorat posti orqali O‘zbekiston hududiga olib o‘tildi.
Chegara postida vatandoshimizni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan ajratilgan maxsus tez tibbiy yordam avtomashinasi hamda malakali shifokorlar brigadasi kutib oldi va u xavfsiz tarzda belgilangan tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi