Rossiyaning yetakchi qurilish kompaniyalari O'zbekistondan sakkiz yuzdan ortiq ishchilarni jalb qilishga qiziqish bildirdi
Yanvar 23, 2025. 09:24 • 2 daq
• 343
YEKATERINBURG, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxona xodimlari Rossiyaning yetakchi qurilish kompaniyalari rahbarlari bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvlar O'zbekiston Prezidentining "Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni va "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Jumladan, Sverdlovsk viloyati Verxniy Tagil shahrida joylashgan "Kuratye" MCHJ rahbari Aleksandr Vlaskin bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda mazkur korxonaga O'zbekistondan qonuniy asosda ishchilarni yollash imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Aleksandr Vlaskin o'zi rahbarlik qilayotgan korxonada 200 nafarga yaqin ishchi kuchini jalb qilishga ehtiyoji mavjudligini bildirdi. Tomonlar mazkur bo'sh ish o'rinlariga hamyurtlarimizni jalb qilish bo'yicha O'zbekistonning tegishli idoralari bilan muzokara o'tkazishga kelishib oldilar.
Bosh konsulxonada Sverdlovsk viloyatidagi yirik ish beruvchi "SMU-30" MCHJ vakillari bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda mazkur tashkilot hozirgi kunda 180 nafar bo'sh ish o'rinlari borligi ma'lum qilindi. Korxona vakillari O'zbekiston fuqarolari o'z ishlarining yetak ustasi ekanligi va topshirilgan ishni vijdonan bajarishlarini inobatga olib respublikamizdan ishchi kuchini jalb qilishdan manfaatdorligini tasdiqladi.
Diplomatlar, shuningdek, Tyumen viloyatida "Gradiyent" qurilish tashkiloti mutasaddilari bilan muzokara o'tkazdilar. Uchrashuvda ushbu korxonaga 100 nafar monolitchi, 100 nafar g'isht teruvchi va 100 nafar pardozchi, jami 300 nafar mutaxassislarga ehtiyoji borligini bildirildi.
Muzokaralar yakunida ish beruvchi korxona vakillari bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Sverdlovsk viloyatidagi yirik qurilish yo'nalishida faoliyat olib boruvchi "Optimum" MCHJ vakillari bilan uchrashuvda esa O'zbekistondan 150 nafarga yaqin ishchini jalb qilish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo'yicha mazkur tashkilotlarga 830 nafar ishchi kuchini O'zbekistondan qonuniy tartibda jalb qilish bo'yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi
Sankt-Peterburgda vatandoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha memorandum imzolandi
Halle shahrida mehnat migratsiyasi masalasida uchrashuv bo'lib o'tdi