O'zbekiston delegatsiyasi Malayziyada Butunjahon turizm kuni munosabati bilan o'tkazilgan tadbirlarda qatnashdi
Sentabr 30, 2025. 16:41 • 2 daq
• 39
KUALA-LUMPUR, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 26-28-sentyabr kunlari Malayziyaning Malakka shahrida Butunjahon turizm kuniga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"BMT-turizm" tashkiloti, Malayziya Turizm, san'at va madaniyat vazirligi hamda Malakka shtati administratsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi, shu jumladan turizm sohasi mutaxassislari, ishbilarmon doira vakillari, turizm assotsiatsiyalari va kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
"BMT-Turizm" tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili Butunjahon turizm kuni va 7-Butunjahon turizm konferensiyasi ishtirokchilarini qutladi. U bu yilgi "Turizm va barqaror rivojlanish" mavzusidagi tadbirlar turizmning ijtimoiy taraqqiyot, iqtisodiy o'sish va atrof-muhit muhofazasiga xizmat qilishi mumkinligini ta'kidladi.
Malayziya Bosh vaziri o'rinbosari Fadilloh bin Yusof esa madaniy va tabiiy merosni saqlab qolgan holda turizmning jozibadorligini ta'minlash uchun samarali boshqaruv, strategik rejalashtirish va inklyuziv siyosat zarurligiga urg'u berdi.
Tadbirlar doirasida Malayziya Turizm, san'at va madaniyat vazir Tiong King Sing bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda ikki mamlakat o'rtasidagi turizm sohasida hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, shu yil 27-29-noyabr kunlari bo'lib o'tadigan "Ipak yo'lida turizm – 2025" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Malayziya delegatsiyasining ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
1980-yildan beri o'tkazib kelinayotgan Butunjahon turizm kuni har yili turizmning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanish "drayveri" sifatidagi ahamiyatini eslatib turadi. Butunjahon turizm konferensiyasi esa xalqaro yetakchilar, siyosatchilar va soha ekspertlariga bilim, g'oyalar almashish va dolzarb muammolarga innovatsion yechimlar topish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi