Logo

Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Dekabr 05, 2025. 11:40 • 2 daq

123
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

PANAJI, 5-dekabr. / “Dunyo” AA/. Hindistonning Goa shtatida yorqin madaniy almashinuv dasturi - O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti va o‘zbek milliy kiyimlarining rang-barang namoyishi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi va mamlakatimizning Hindistondagi turizm elchisi Ritu Beri tomonidan uyushtirilgan tadbirda turistik sektor hamda madaniy-gumanitar soha vakillari ishtirok etdi. Faxriy mehmonlar orasida Goa shtatining turizm vaziri Rohan Khaunte ham bor edi. Bu esa hind tomonining o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga bo‘lgan yuqori darajadagi qiziqishini namoyish qildi.

Taqdimot marosimida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoniga asos bo‘layotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Mamlakatimizda xalqaro va ichki turistlar uchun jozibali va qulay muhit yaratilayotgani taʼkidlandi.

Turizm infratuzilmasidagi muhim o‘zgarishlarga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston turistik xizmat turlarini ko‘paytirib, MICE-turizm, kulinariya va oilaviy turizm, ekologik va sport marshrutlari, tog‘-tibbiyot hordiq chiqarish hamda oilaviy tantanalarni o‘tkazish yo‘nalishlari jadal rivoj topayotgani urg‘ulandi.

Hindiston mehmondo‘stlik sektori va madaniy-gumanitar soha vakillari mamlakatimizdagi yangilanish va ochiqlik jarayonini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Kechaning markaziy va esda qolarli lahzasi hind manekenchilarining defilesi bo‘ldi. Ular O‘zbekiston milliy liboslarining yorqin namunalariga burkanib, podiumga ko‘tarildi.

Namoyish jozibador ranglar va mahorat tantanasiga aylandi. Go‘yoki quyosh nurlaridan andoza olgan adras va ikat matolarining naqshlari, mayin xonatlas liboslari, hashamatli shoyi choponlar – har bir kiyim namunasi ko‘p asrlik tarixdan hikoya qildi.

Anʼanaviy, lekin ayni paytda zamonaviy obrazlar o‘zbek xalqining boy madaniy merosini taʼkidlab, podiumni Buyuk ipak yo‘li moda sanʼatining jonli galereyasiga aylantirdi. Tomoshabinlar har bir chiqishni katta qiziqish bilan kuzatib, namoyishni qarsaqlar bilan qarshi oldi.

Bunday yorqin taqdimotlarni o‘tkazish strategik ahamiyatga ega. Tadbirlar o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlovchi qudratli madaniy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

Goa kabi Hindistonning muhim hududlarida turistik va madaniy salohiyatni rang-barang shakllarda namoyish etish nafaqat sayyohlar oqimining o‘sishiga yordam beradi, balki O‘zbekistonning qadimiy tarix, jonli bugungi kun va yorqin kelajakka ega mamlakat sifatidagi barqaror ijobiy imijini ham mustahkamlaydi. Tomonlar ushbu muhim sheriklik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha faol loyihalarni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish