O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi turizm yo'nalishidagi hamkorlik aloqalari jadallashadi

Iyun 08, 2024. 14:41 • 3 daq

210
O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi turizm yo'nalishidagi hamkorlik aloqalari jadallashadi

BUDAPESHT, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Vengriyaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Safar davomida Vengriyaning bir qator davlat idoralari va tashkilotlari hamda kompaniyalarida samarali uchrashuvlar o'tkazildi.

Xususan, Vengriya Milliy iqtisodiyot vazirligi davlat kotibi Aniko Turi va ushbu vazirlik huzuridagi Turizm agentligi direktori Laslo Konniyd bilan uchrashuvlar chog'ida turizm sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qildi.

Ta'kidlanishicha, mamlakatlar o'rtasida ko'plab sohalardagi do'stona munosabatlar turizm sohasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda. Ikki tomonlama sayyohlik oqimini oshirish borasida amalga oshirilmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar Vengriyaning yirik ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlari va turoperatorlari uchun O'zbekiston sayyohlik salohiyatini ommalashtirish maqsadida press-tur va infoturlar tashkil etishga, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga Vengriya investitsiyalarini jalb qilish, hamda o'zaro aloqalarni mustahkamlash uchun doimiy muloqot davom ettirishga kelishib oldilar.

Vengriya Turizm agentligi huzuridagi Milliy ma'lumotlar markazida xalqaro aloqalar departamenti direktori Marta Fazekash va axborotlashtirish departamenti direktori Adam Seller bilan muloqot tashkil etildi. Unda turizm sohasida axborot texnologiyalarini joriy etish bo'yicha tajriba almashish, maxsus raqamli dasturlarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish to'g'risida fikr almashildi.

Uchrashuv davomida Vengriyadagi turistik yo'nalishlar bo'yicha statistik ma'lumotlarni to'plash, qayta ishlash va monitoring qilish uchun mo'ljallangan "Ma'lumotlar bilan ta'minlash milliy tizimi" taqdim etildi. Kelgusida tajriba almashish maqsadida turizm sohasiga yangi axborot texnologiyalarini joriy etish bo'yicha aloqalarni davom ettirish masalasi kelishib olindi.

"WizzAir" aviakompaniyasi tijorat direktori Silvia Gonsales bilan muzokaralar chog'ida O'zbekistonga yangi aviayo'nalishlarni ochish va mamlakatimizning turizm salohiyatini targ'ib qilish maqsadida qo'shma targ'ibot kompaniyalarini o'tkazish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Vengriya tomoniga O'zbekistonda transport logistikasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat hududiy aeroportlarida "ochiq osmon" rejimi joriy etilayotgani, xorijiy aviakompaniyalarning mamlakatimizga parvozlarini amalga oshirishda yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma'lumot berildi.

Silvia Gonsalesning ta'kidlashicha, O'zbekiston ajoyib turistik, madaniy, tarixiy va investitsiyaviy salohiyatga ega.

Tashrif davomida O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tashkil qilindi. Unda Vengriya sayyohlik agentliklari, ikki davlatning yirik turizm assotsiatsiyalari va kompaniyalari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilarga O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixi, sayyohlik salohiyati, an'analari va gastronomiyasi haqida so'zlab berildi. To'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlarini ko'paytirishning muhimligi, jumladan, yaqin kunlarda "Qanot Sharq" aviakompaniyasining Toshkent-Budapesht yo'nalishi bo'yicha parvozlarni qayta tiklash rejalashtirilayotgani ta'kidlandi.

Vengriya tomoni mamlakatlarimiz o'rtasida iqtisodiyot, investitsiya va sayyohlik sohalarida sheriklikni mustahkamlash uchun katta istiqbollar mavjudligini va bu imkoniyatlarni birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan rivojlantirish mumkinligi ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish