Malayziyada O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan roud-shou tashkil etildi
Iyun 08, 2026. 19:25 • 2 daq
• 159KUALA-LUMPUR, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari tomonidan Malayziyaning Perak shtatida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan roud-shou tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda Malayziyaning “Tabung Haji” haj va umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha davlat Kengashi qoshidagi “TH Travel” kompaniyaci rahbariyati, “Bumitra” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi vakillari, Al-Baraka diniy ta’lim muassasasi ulamosi Ustoz Kazim Elias, mazkur bilim yurti o‘qituvchi va talabalari hamda mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan elchimiz Karomiddin Gadoyev so‘nggi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, yangi turizm maskanlari va yo‘nalishlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Ishtirokchilarga ziyoratchilar uchun respublikada yaratilgan keng imkoniyatlar, shu jumladan, Samarqandda qayta barpo etilgan Imom Al-Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Roud-shou davomida “Umra plyus” dasturi doirasidagi turistik marshrutlar keng targ‘ib qilindi. Xususan, ilk bor Malayziyada mashhur bo‘lgan diniy ulamo Ustoz Kazim Elias boshchiligida 100-150 kishidan iborat malayziyalik guruhning joriy yilda O‘zbekistonga ziyorati tashkil etilishi mamnuniyat bilan e’lon qilindi.
Ustoz Kazim Elias malayziyalik hamkorlar va islomshunoslik sohasida ta’lim olayotgan talabalarni Imom Buxoriy yurtini birgalikda ziyorat qilishga chaqirdi. Ushbu tashrif doirasida malayziyalik ziyoratchilar Toshkent shahri, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi bir qator muqaddas qadamjolar va diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishadilar.
Tashkil etilgan ochiq muloqot davomida qatnashchilar O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlariga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida joriy yilda “Umra plyus” dasturi doirasida Malayziyadan O‘zbekistonga sayyohlarni keng jalb qilib, ziyoratchilar oqimini oshirish bo‘yicha xorij tomoni bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


