"Al-Jarida": Oʻzbekiston jahon turizm xaritasida muhim sayyohlik yoʻnalishi sifatida rivojlanmoqda
Noyabr 26, 2025. 07:21 • 2 daq
• 196
AL-KUVAYT, 26-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Al-Jarida" gazetasida "Oʻzbekistonda turizm va YUNESKO" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Oʻzbekiston jahon turizm xaritasida muhim sayyohlik yoʻnalishi sifatida tobora rivojlanib bormoqda. Mamlakatning boy madaniy merosi va betakror tabiiy landshaftlari xorijiy sayohatchilarni tobora koʻproq oʻziga jalb etmoqda.
"Oʻzbekiston uchun YUNESKO bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Tarixiy inshootlar va arxeologik obyektlarning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilishi ularni keng miqyosida targʻib qilish, sayyohlar orasida qiziqish uygʻotish hamda Oʻzbekistonning butun dunyo turizm industriyasidagi oʻrnini mustahkamlash imkonini beradi", – deb yozilgan maqolada.
Manbada ta'kidlanishicha, Oʻzbekistondagi 7 ta, jumladan, uchta transchegaraviy obyekt YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
"Jahon merosi obyektlarini targʻib qilish – xorijiy turoperatorlar oʻrtasida mamlakatga boʻlgan qiziqishni kuchaytiradi, xalqaro tashrif buyuruvchilar sonini koʻpaytirishga yordam beradi, yangi ish oʻrinlari yaratadi va iqtisodiy taraqqiyotga sezilarli hissa qoʻshadi", – deya fikr bildirilgan "Al-Jarida" materialida.
Gazetada aytilishicha, endilikda turizm faqat xizmat koʻrsatish sohasi emas, balki Oʻzbekistonning ochiq, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan davlat sifatidagi nufuzini oshirishning strategik resursiga aylandi.
"2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga Samarqand shahrining mezbonlik qilishi alohida ramziy ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu yirik tadbir 40-yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida oʻtkazildi. Forum 200 ga yaqin davlatdan nufuzli delegatlarni jamladi va Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish etish uchun oʻziga xos platforma boʻldi", – deya ta'kidlangan maqola xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi