13-martdan Toshkent va Varshava o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yiladi
Fevral 16, 2024. 15:50 • 3 daq
• 780
VARSHAVA, 16-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshadagi elchixonasida joriy yilning 13-mart sanasidan boshlab «LOT Polish Airlines» aviakompaniyasi tomonidan yo'lga qo'yilayotgan Varshava–Toshkent–Varshava havo qatnoviga bag'ishlangan targ'ibot tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Polshaning «LOT Polish Airlines» aviakompaniyasi rahbariyati, "Rainbow", "Itaka", «Margot travel», «Mice Expert» va "Logostour" kabi yetakchi turoperatorlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, O'zbekiston–Polsha hamkorligi holati va istiqbollari, Yangi O'zbekistonning turizm salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi tarixiy do'stlik aloqalari, o'tgan yili yurtimizga tashrif buyurgan polshalik sayyohlar soni 8 mingtani tashkil etgani va ushbu ko'rsatgichni joriy yilda 25 mingga yetkazish rejalashtirilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, anjumanda O'zbekiston Turizm qo'mitasi vakillari mamlakatimizning turizm salohiyati to'g'risida taqdimot o'tkazishdi. Unda davlatimiz rahbariyati boshchiligida yurtimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar to'g'risida batafsil so'zlab berildi.
«LOT Polish Airlines» kompaniyasi Sotuv departamenti direktori Marta Vishnevska o'z nutqida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan yurtimiz turizmiga bo'lgan qiziqish yuqori ekanligini va O'zbekistonning boy tarixi ko'plab sayyohlar kabi unda katta qiziqish uyg'otganini ta'kidladi. U ochilajak havo qatnovlari O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi sayyohlar almashinuvini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O'zbekistonning turizm salohiyatiga doir videolavhalar namoyish etildi va ishtirokchilarga targ'ibot materiallari tarqatildi.
«LOT Polish Airlines» kompaniyasi departament direktori Zuzanna Voysik:
— Bugungi tadbir uchun O'zbekistonning Polshadagi elchixonasiga «LOT Polish Airlines» kompaniyasi nomidan chuqur minnatdorligimni bildiraman. Tadbir davomida biz yurtingizning go'zal an'analari, boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldik.
Ishonchim komilki, «LOT Polish Airlines» tomonidan yo'lga qo'yilayotgan Varshava–Toshkent–Varshava havo qatnovi yurtingizga tashrif buyuradigan polshalik sayyohlar oqimining tobora oshishiga turtki bo'ladi.
«Margot Travel» turistik kompaniyasi rahbari Malgojata Gulinska:
- Ushbu anjumanda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Tadbir maftunkor O'zbekiston bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat bo'ldi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar haqida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldim. Barcha sayyohlarni O'zbekistonga sayohat qilishga taklif etaman. Aminmanki, bu kishiga o'zgacha zavq bag'ishlaydi.
«Travel Incentive» sayyohlik kompaniyasi rahbari Agneshka Slovik:
- To'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilishi munosabati bilan bizni ushbu tadbirga taklif qilganingiz uchun rahmat. «Travel Incentive» sayyohlik agentligi uchun mazkur hodisa muhim ahamiyatga ega. Chunki, O'zbekiston yo'nalishdagi aviaqatnovlar bizning ish faoliyatimizga ijobiy ta'sir o'tkazadi. O'tkazilgan taqdimot bizga manzur bo'ldi. Ayniqsa, tog'-yonbag'ridagi chang'i uchish uchun kurorti o'zgacha taassurot qoldirdi. Bizning O'zbekiston bilan boy va ajoyib umumiy tariximiz bor. Shu sabab ham ushbu yo'nalishdagi aviaqatnovlar juda tez ommalashishiga ishonaman. Barcha polshaliklarni O'zbekistonga sayohat qilishga taklif qilaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi