“Interfaks” AA: O‘zbekiston va Iordaniya strategik sheriklik o‘rnatib, 19 ta hujjat imzoladi

Noyabr 28, 2026. 16:00 • 2 daq

• 12
“Interfaks” AA: O‘zbekiston va Iordaniya strategik sheriklik o‘rnatib, 19 ta hujjat imzoladi

MOSKVA, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifi yakunlari haqida maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlikning qayd etishicha, Ammonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan kompleks “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldilar.

Savdo, investitsiyalar, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik tarmog‘i, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, turizmni rivojlantirish hamda Toshkent va Ammon, shuningdek, Samarqand va Petra shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, imzolangan hujjatlar energetika, ekologiya, suv resurslarini boshqarish, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, huquqiy yordam, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi.

Muallif O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi e’tirofi sifatida ikki davlat yetakchilari bir-birlarini oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlaganini qayd etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish